O‘zbekiston Xitoyning elektron tijorat sohasidagi kompaniyalari bilan turli kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida vazirlik delegatsiyasi Xanjouda Shanxay hamkorlik tashkilotining elektron savdo bo‘yicha ishchi guruhi sakkizinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomoni raqamli transformatsiyani chuqurlashtirish, elektron maydonchalar orqali eksport salohiyatini oshirish, mintaqaviy hamkorlik asosida inklyuziv o‘sishni rivojlantirish va boshqa tashabbuslarni ilgari surdi. Takliflar SHHTga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Alibaba Group vakillari bilan kechgan muzokaralarda tomonlar 100 ta o‘zbek kompaniyasi uchun Alibaba Eksport Accelerator — Uzbekistan dasturini ishga tushirishga kelishib oldi.
Uning doirasida mamlakat tadbirkorlari o‘z mahsulotlarni Aliexpress, Tmall va Taobao marketpleyslari orqali bevosita sotishni yo‘lga qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, JD.com elektron platformasi bilan Made in Uzbekistan onlayn pavilyonini yaratish va mahsulotlarni Xitoydagi logistika xablari orqali B2B2C formatida yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Toshkentda ZTO Express Group kompaniyasi rais o‘rinbosari Liu Zhanxiong bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. ISSV Xitoy tomoniga O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti haqida ma’lumot berib, xorijiy investorlar uchun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari haqida tanishtirdi.
Kompaniya O‘zbekistonda logistika va avtomatlashtirilgan distribyutorlik yechimlarini rivojlantirishga hamda elektron tijoratni mintaqaviy darajada ilgari surishga qiziqish bildirdi.
Avvalroq Wildberries’da O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida bo‘lim tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Unda 1 mingga yaqin tovar pozitsiyalari mavjud bo‘lib, ushbu bo‘limga kirish uchun ISSV orqali verifikatsiyadan o‘tish kerak.