O‘zbekistonda blogerlar, sayt va onlayn-platformalar egalari uchun yangi qoidalar joriy etish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, 10 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lib, kontentdan daromad topadigan inflyuyenserlar uchun alohida huquqiy tartib joriy etmoqda.
Hujjatga ko‘ra, bunday foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
- tarqatilayotgan kontentning to‘g‘riligini tekshirish;
- akkaunt, saytlar va hamjamiyatlarda noqonuniy kontent joylashtirilishining oldini olish;
- sharhlarni monitoring qilish, noqonuniy kontentlarni aniqlash va o‘chirish — agar resursda sharh qoldirish imkoniyati mavjud bo‘lsa;
- yolg‘on axborotni (feyklarni) o‘chirish yoki feyklar mavjud bo‘lgan kontentlarda maxsus belgi qo‘yish;
- agar yolg‘on ma’lumotlar boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazsa, raddiya e’lon qilish;
- qayta aloqa uchun kontakt ma’lumotlarini ochiq joylashtirish.
Agar inflyuyenser talablarni buzsa, unga qoidabuzarliklarni bartaraf etish talabi bilan ko‘rsatma yuboriladi. Bu talab 10 kun ichida bajarilishi kerak, aks holda onlayn-platforma mulkdori yoki uning vakiliga qoidabuzarning akkauntini 6 oygacha muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi taqdimnoma yuborilishi mumkin.
Qonun loyihasi nafaqat kontentga, balki monetizatsiyaga ham taalluqli: unda reklamadan olingan har qanday daromadning soliqqa tortilishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama joylashtirish, nativ integratsiya, hamkorlik havolalari va homiylik ko‘magiga ham tegishli.
Bunday choralar avvalroq Rossiyada ham qo‘llanilgan — soliq xizmati 2021-yildan boshlab blogerlarning daromadlarini faol tekshirishni boshlagan. 2023-yilda esa bir nechta yirik inflyuyenserlarga qarshi ishlar ham qo‘zg‘atilgan. Ulardan eng katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ish yuz millionlab rubl miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlikda ayblanayotgan Yelena Blinovskayaga tegishli.
2023-yilda Qozog‘iston ham shunga o‘xshash choralarni amalda qo‘lladi. Yangi qonun blogerlarga tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, soliq to‘lash va reklamani belgilash singari majburiyatlarni yukladi. Ko‘p o‘tmay, soliq idoralari 600 ga yaqin blogerga o‘nlab mlrd tengelik daromadlarini kamaytirib ko‘rsatganliklari haqida xabarnoma yubordi.
Hozir O‘zbekistonda bu qonun loyihasi muhokama bosqichida — fikr-mulohazalar joriy yilning 27-mayigacha qabul qilinadi. Ko‘zda tutilayotgan qoidalar raqamli reklama bozori, brendlar hamda kontent yaratuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Sohaning bunday o‘zgarishlarni qanday qabul qilayotganini tushunish uchun Spot PR-mutaxassislari va reklama agentliklari rahbarlari bilan suhbatlashdi. Ularning tashabbusga munosabati, uni amalga oshirish qanchalik haqiqatga yaqinligi va bu nimalarga olib kelishi mumkinligini bilib oldi.
Tanish-Bilish kreativ marketing agentligining asoschisi, Troll.uz Telegram-kanalining muallifi.
Bu kutilgan qadam. Shunchaki, bu vaqt masalasi edi. Umuman olganda, O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘iston ortidan ergashib, ularning harakatlarini takrorlashni ma’qul ko‘radi — shunday ekan, bu qonun loyihasida g‘ayrioddiy hech narsa ko‘rmayapman. Bunga xotirjam munosabatdaman.
Albatta, boshlanishida oson bo‘lmaydi — ayniqsa blogerlar va kanal egalari uchun. Oddiy foydalanuvchiga o‘zini o‘zi band qiluvchi yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, hisobotlarni yuritish kabi masalalarni tushunish qiyin. Hozircha jarayonni soddalashtirish mexanizmlari yo‘q: hatto o‘zini o‘zi band qilish ham hisob-kitoblarni yuritishi va rasmiy talablarga rioya qilishi shart — bu esa noqulaylik tug‘diradi.
Reklamasi bor blogerlarni tadbirkorlar deb hisoblayman. Masala bu jarayonga davlat aralashishi kerakmi yoki yo‘qligida emas, balki buni qanday amalga oshirish kerakligida. Davlatning ishtiroki zarur, ammo bunda oqilona yondashuv lozim. Afsuski, odamlarning ixtiyoriy ravishda soliq to‘lashni boshlashiga umid qilish o‘rinsiz. Shu ma’noda davlatning aralashuvi maqsadga muvofiqdir.
10 ming obunachi chegarasi ham maqbul ko‘rinadi — bu daromad keltiruvchi auditoriya hisoblanadi. Garchi 5 ming obunachidan ham foyda olish mumkin bo‘lsa-da, asosiy muammo shundaki, mikroblogerlar ko‘pincha barter asosida ishlaydilar. Hamkorlikning bunday shakllarini qanday hisobga olish kerakligi hozircha noaniq qolmoqda.
Agentligimizda faqat o‘zini o‘zi band qilgan, yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lganlar bilan hamkorlik qilamiz. Brendlar pul o‘tkazmasi orqali to‘lov qiladi, shuning uchun bizga to‘g‘ri yo‘l bilan ishlash qulayroq. Albatta, kichik Telegram-kanallarining aksariyatida buni qanday rasmiylashtirish haqida vaqt ham, tushuncha ham yo‘q. Ba’zilariga o‘zimiz yordam ko‘rsatamiz — yakka tartibdagi tadbirkorlik ochishda va buxgalteriya ishlarini yuritishda ko‘maklashamiz. Shu ma’noda, qonun loyihasi bizga foyda keltirishi ham mumkin.
Blogerlar soliq to‘layotganini nazorat qilamizmi? Yo‘q, bu jarayonni nazorat qilmaymiz. Agar blogerning yuridik shaxsi bo‘lsa, u ehtimol avtomatik tarzda soliq to‘laydi. Ammo u o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lsa, ko‘pincha to‘lamaydi. Shu bilan birga, daromadlar 100 mlndan oshganda, ko‘pchilik bu vaziyatni boshqara olmaydi — na buxgalteriyada, na keyingi qadamlarni bilishda. Soliq to‘laydiganlarni bilaman. Lekin taxmin qilishimcha, ko‘pchilik to‘lamaydi, chunki ular buni qanday amalga oshirishni bilishmaydi.
1 mlrddan ko‘proq daromad topadiganlar bor, ammo ular juda oz. Bunday shaxslar rasmiy ravishda — MCHJ yoki YaTT orqali faoliyat yuritib, soliqlarni to‘laydilar.
Bloger bilan hamkorlik qilsak, yuridik masalalar, buxgalteriya hisobi va soliqlarni o‘z zimmamizga olamiz. Agar bloger mustaqil ishlasa, bu masalalarni bilsa o‘zi hal qiladi. Hamkorlik taklif qilganimizda, darhol moliyaviy, huquqiy masalalar va hujjat aylanmasi bo‘yicha yordam beramiz. Agar blogerga bu kerak bo‘lsa, u biz bilan eksklyuziv tarzda ishlaydi. Aksariyat blogerlarda buxgalterlar yo‘q. Bu, ayniqsa, 10 mingdan 100 minggacha obunachisi bo‘lgan blogerlarda — ularning deyarli hech biri daromadlarni qonuniylashtirish jarayonini tushunmaydi.
Savollar tug‘dirayotgan narsa — bu hisoblarning 6 oyga to‘xtatib qo‘yilishi ehtimoli. Bu juda qattiq chora. Avvaliga ogohlantirish, tushuntirish va ko‘rsatmalar berilishi lozim. Ayniqsa, ko‘plab blogerlarning 18−20 yoshligi va moliyaviy savodxonlikka ega emasligini inobatga olish kerak. Shuning uchun yondashuvni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish lozim. Bu choralarning barchasi bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanilishi mumkinligini istisno qilmayman. Biz qanday muhitda yashayotganimizni yaxshi bilamiz va har qanday qonun blogerlar hamda so‘z erkinligiga qarshi ishlatilishi ehtimoli bor.
Shuningdek, agentliklar va brendlar izohlarni moderatsiya qilish, soxta ma’lumotlarni olib tashlash, belgilash bo‘yicha talablarga o‘zlari javob bermaydilar. Bu ularning vazifasi emas. Ha, agar soxta bo‘lsa — raddiya e’lon qilish kerak. Ammo izohlar umuman alohida hikoya. Menda, masalan, turli platformalarda kuniga minglab izoh qoldiriladi — barchasini nazorat qilish imkonsiz. Bu masalada chuqurroq o‘ylangan yondashuv zarur.
Qandaydir tartibga solish baribir zarur, biroq ro‘yxatdan o‘tish jarayonini, soliq hisobotlarini va o‘zini o‘zi band qilish limitlarini soddalashtirish lozim. Blogerlar uchun faoliyat turi sifatida alohida maqom joriy etish mumkin. To‘sqinlik qilmasdan, aksincha, yordam va maslahat berilsa, muammolar yuzaga kelmaydi. Ammo hamma narsa qat’iy va tushunarsiz ko‘rsatmalar bilan amalga oshirilsa, bu sohani rivojlantirish bo‘yicha e’lon qilingan maqsadlarga zid bo‘ladi.
Agar maqsad haqiqatan ham bozorni tartibga solish bo‘lsa, agentliklar, marketologlar, blogerlarni jalb etish va soddalashtirish mexanizmini birgalikda ishlab chiqish lozim. Biz bu jarayonga qo‘shilishga tayyormiz.
Blogerlar soliq to‘lashga qarshi emas — ular shunchaki buni qanday amalga oshirishni tushunishmaydi. Tushuntirish, soddalashtirish kerak, shunda hammasi ishlay boshlaydi.
tadbirkor, biznes uchun mustaqil PR-maslahatchi, shaxsiy brend bo‘yicha mutaxassis, “Kerri Bredshou uzbekskogo piara” Telegram-kanali muallifi.
Bu o‘z vaqtida qo‘yilgan zarur qadam. Qozog‘istonda ham shunday yechim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u ko‘plab yirik blogerlar va inflyuyenserlar soliqni tartibga solish tizimidan tashqarida faoliyat yuritganini ko‘rsatdi.
Shuning uchun sanoatni qonuniylashtirish va tartibga solish mantiqiydir. Joriy etishning birinchi bosqichi tushuntirish ishlari va jarimalarga oqilona yondashuv bilan birgalikda olib borilishi muhim. Bu bozorning moslashishiga yordam beradi.
Telegram va Instagram’da sahifalar egasi sifatida mening kanalimda ham vaqti-vaqti bilan reklama joylashtiriladi. Barcha to‘lovlarni YTT sifatida amalga oshiraman — bu shaffof va qulay. Faqat bir narsa: QQSga o‘tish bunday QQSni hisobga olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mijozlar uchun qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Shunga ko‘ra, soliq talablariga rioya qilinganda xizmatlar tannarxini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Mening nuqtai nazarim: blog — bu biznes. Biznes jarayonlarini bilmaslik esa majburiyatlardan ozod qilmaydi. Blogni kasb sifatida rivojlantirayotgan bo‘lsangiz, soliqlar masalasini o‘zingiz o‘rganishingiz yoki bu vazifani boshqalarga topshirishingiz kerak. Xayriyatki, bugungi kunda ko‘plab qonuniy yechimlar mavjud.
Alohida muammo — hamkorlikning huquqiy modellarini yetarli darajada ishlab chiqilmaganidir. Ko‘plab blogerlar shartnoma tuzmasdan oldindan to‘lov asosida ishlaydilar, bu esa xavf-xatarning asosiy qismini reklama beruvchilarga yuklaydi. Ko‘pincha bloger jismoniy shaxs sifatida yuridik jihatdan hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Bu esa sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, shartnomaviy munosabatlarni beqarorlashtiradi.
Soliq sohasida o‘z-o‘zini boshqarish bo‘lishi mumkin emas. Bu davlat va soha mutaxassislari — buxgalterlar, huquqshunoslar, soliq maslahatchilari zimmasidagi vazifadir. Davlatning ishtiroki yagona o‘yin qoidalarini yaratish uchun zarur. Men ommaviy axborot vositalari vakillari uchun imtiyozlar yaratilishiga qarshiman — bu oqilona emas.
10 ming obunachi chegarasi, ehtimol, Rossiya tajribasidan olingan. Men qat’iy chegara o‘rniga darajalash tizimini taklif qilardim: 10 minggacha — soddalashtirilgan rejimda ishlaydigan nanoblogerlar; 100 minggacha — ro‘yxatdan o‘tish va hisobot topshirish talab qilinadigan makroinflyuyenserlar; 100 mingdan ortiq obunachilar bo‘lgan makroinfluenserlar orasida hashamat va yuqori daromad bo‘lishi mumkin, shuning uchun bu yerda qat’iyroq qoidalar va nazorat choralarini qo‘llash.
Aynan makrosegment ko‘pincha shov-shuvli holatlarda — dabdabali turmush tarzi va rasmiy daromadlar o‘rtasidagi nomutanosiblik mavjud bo‘lganda ko‘zga tashlanadi. Bu yerda tartibga solish alohida ahamiyat kasb etadi.
Aytgancha, juda katta muammo — narxlarning shakllanishi. Hozirgi kunda bozor tartibsiz, narxlar “yashirin”, blogerlar narxlari ko‘rsatilgan agentliklarning ochiq kataloglari mavjud emas. Shu bois, hatto YTT/MChJ/o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomiga ega bo‘lgan taqdirda ham, sohaning shaffofligi savol ostida qoladi. Men yirik korporatsiyalarning blogerlar uchun o‘rtacha budjetlarini bilaman, brendlarni boshqaraman, biroq afsuski, hech kimning narxnomasi haqida bu shunchaki yopiq tijoriy ma’lumoti bo‘lganligi sababli oshkora izoh bera olmayman.
Yildan-yilga kompaniyalar blogerlar bilan shartnoma tuzishni ko‘proq talab qilmoqda. Agentlik sifatida blogerlarga YTT yoki o‘zini o‘zi band qilish maqomini rasmiylashtirish bo‘yicha tez-tez maslahat beramiz. Biz ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ham bitimlarni kuzatib boruvchi agentliklar orqali ish olib boramiz. Bu odatiy holga aylanib bormoqda.
Hamkorlik qilayotgan blogerlararimiz orasida daromadi belgilangan 1 mlrd so‘mlik chegaraviy miqdorga yaqinlashayotgan yoki undan oshib borayotgan, shundan keyin QQSga o‘tishi kerak bo‘lganlar ham bor. Ko‘pchilik bundan cho‘chiydi va QQSni mijoz uchun narxga qo‘shishga urinadi. Ularni tushunaman — bu murakkab vaziyat. Biroq, QQSni o‘zaro hisobga olish tartibini isloh qilmasdan, ayniqsa blogerlar uchun, bu soha tarangligicha qolaveradi. Tizimda moslashuvchanlik va mijozlarga blogerlardan QQSni hisobga olish imkonini beruvchi shaffof identifikatorlar yetishmayapti.
Odatda soliq masalalari bilan menejerlar shug‘ullanadi. Ba’zida buxgalterlar yoki agentliklar ham bu ishni bajaradi. Hisob-kitoblarda xatoliklar uchrab turadi. Misol uchun, bir taniqli inflyuyenserlar to‘lovni dollarda yoki “o‘z kursi” bo‘yicha talab qilgan — bu, albatta, mutlaqo noto‘g‘ri. Rasmiy kurslarni faqat Markaziy bank belgilaydi. Biz faqat shaffof qoidalarga rioya qiladiganlar bilan ishlashga urinamiz.
Mikroblogerlar, ayniqsa daromadi beqaror bo‘lganda, hujjat aylanmasida qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Ularga soddalashtirilgan tartib kerak. Agentliklarda esa, ayniqsa katta hajmdagi joylashtirishlarda, hujjat aylanmasi va mas’uliyatda yuk ortadi. Brendlar hamkorlarni tanlashga ehtiyotkorlik bilan yondashishga va o‘z strategiyalariga huquqiy xavflarni kiritishga majbur bo‘ladilar.
Shuningdek, bozor vakillari — birinchi navbatda agentliklar, yirik blogerlar, buxgalterlar va marketologlar bilan keng qamrovli muloqot yetishmayapti. Men ishchi guruhga qo‘shilishga va muvozanatli qonun yaratilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Bozorni rivojlantirish o‘rniga uni to‘xtatib qo‘yadigan bir tomonlama tartibga solishdan qochish juda muhim.
Ammo, qonuniy ishlagan spikerlar uchun muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.
O‘zbekistondagi yirik blogerlar PR-menejeri, FACES agentligi asoschisi.
Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan blogerlar an’anaviy ommaviy axborot vositalariga to‘laqonli muqobil bo‘lib bormoqda. O‘zbekiston ham, ko‘plab boshqa mamlakatlar singari, ushbu sohani tartibga solish zaruriyati bilan ro‘baro‘ kelmoqda.
Hozirda aniq qonunchilik bazasi yo‘qligi huquqiy noaniqlik va inflyuyenserlar faoliyatining turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, AOKA tashabbusi mantiqan to‘g‘ri va hatto kechikkan, deb o‘ylash mumkin. Biz qo‘shni mamlakatlar tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganib, qonun doirasida ish yuritishga harakat qilamiz, shuning uchun ushbu bozorning tizimlashtirilishi tarafdorimiz.
Tartibga solish jarayoni so‘z erkinligini cheklashga aylanib qolmasligi juda muhim. Fikrimcha, qonun loyihasi blogerlarning huquqlarini cheklamaydi, aksincha ularning faoliyat doirasini aniqlashtiradi va mas’uliyatini oshiradi. Keng auditoriyaga ega blogerlar jamoatchilik fikriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun ular o‘z rollarini to‘g‘ri anglab yetishlari lozim.
Biz bilan ishlaydigan barcha blogerlar o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxs yoki YTT sifatida rasmiylashtirilib, har oyda aylanmadan 4% miqdorida soliq to‘lab, hisobot topshiradilar. Yirik brendlar bilan faqat naqd pulsiz hisob-kitob orqali ishlaymiz, bu xavf-xatarlarni kamaytirib, shaffoflikni ta’minlaydi. Ikki yil ichida 80 dan ortiq blogerni o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxs yoki YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga hamda ularga elektron raqamli imzo olishga yordam berdik.
Aloqa ma’lumotlarini ko‘rsatish talablariga kelsak, barcha blogerlarimiz allaqachon ularni taqdim etishgan: bu elektron pochta manzili hamda reklama masalalari bilan shug‘ullanadigan menejerning taxallusi (nikneymi). Menejerga o‘tganda agentlikning telefon raqami va yuridik manzili ko‘rinadi. Yagona masala — qonun nuqtai nazaridan aynan qaysi ma’lumotlar yetarli hisoblanishida. Har qanday holatda ham biz hujjatning yakuniy tahririga asoslanib ish tutamiz.
Biroq, akkauntni olti oygacha bloklash tartibi juda bahsli masaladir. Hozircha bloklashni aynan kim amalga oshirishi — platformami o‘zimi yoki blogerning o‘zimi, noma’lum. Agar bloger boshqa taxallus bilan yangi akkaunt ochsa nima bo‘ladi? Uning bir nechta platforma — YouTube, Telegram, Instagram’da sahifalari bo‘lsa, faqat bittasi bloklanadimi yoki hammasimi? Bular aniq huquqiy ta’rifni talab qiladigan masalalardir. Bu mexanizm bosim vositasiga aylanadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum — buni amaliyot ko‘rsatadi.
Biz doimo sifatga va ma’lumotlarni tekshirishga urinamiz. Auditoriyaning ishonchi bizning asosiy kapitalimiz. Ayniqsa, yordam so‘rovlarini e’lon qilish holatlariga alohida diqqat bilan yondashamiz — chunki firibgarlar bundan foydalanishga uringan holatlari ham bo‘lgan. Biroq, shuni tushunish kerakki, barcha platformalar ham izohlarni samarali nazorat qilish imkonini bermaydi, shu sababli bu talabni amalda qo‘llash takomillashtirishni talab etadi.
Qo‘shimcha talablar va hujjat aylanmasini joriy etish ma’muriy yukni oshiradi. Agentliklar va inflyuyenserlar uchun bu operatsion xarajatlarning ko‘payishini anglatadi, bu esa blogerlar orqali reklama joylashtirishning qimmatlashishiga olib kelishi mumkin. Brendlar esa, o‘z navbatida, inflyuenserlar doirasining qisqarishi va hamkorlarning qonunchilikka muvofiqligini puxta tekshirish zaruratiga duch keladi.
Qonun loyihasi inflyuyens-marketing sohasini tartibga solish va nohalol ishtirokchilarga qarshi kurashishga qaratilgan. Shu bilan birga, hujjatda quyidagi jihatlarni aniqlashtirish muhim, deb hisoblayman:
- akkauntlarni bloklash tartibi;
- “qora ro‘yxat"dan chiqish mexanizmi;
- o‘zini o‘zi band qilganlar uchun 100 mln so‘mgacha aylanmada amaldagi 4% lik soliq tartibi saqlanib qoladimi;
- mikroblogerlar uchun buxgaltersiz, Soliq ilovasi orqali hisob-faktura yuborish imkoniyati;
- aynan qaysi kontakt ma’lumotlarini ko‘rsatish kerakligi;
- davlat idoralari nomidan firibgarlik holatlarini oldini olish maqsadida blogerlar bilan muloqot qilishga vakolatli shaxslar doirasini aniqlash;
- kichik segment uchun moslashish bo‘yicha oqilona muddatlar;
- blogerlar uchun soliq solish masalalari va faoliyatning huquqiy asoslari bo‘yicha ta’lim dasturlari.
Ushbu qonun cheklov emas, balki davlat va kreativ sanoat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik vositasiga aylanishiga umid qilgim keladi. Eng muhimi, ortiqcha gaplarga yo‘l qo‘ymaslik hamda muloqotni ta’minlash. Tartibga solish g‘oyasining o‘zi mantiqan to‘g‘ri, biroq uni amalga oshirish moslashuvchan bo‘lishi va tez rivojlanayotgan sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishi lozim.
WeDigital marketing agentligining boshqaruvchi hamkori.
Bu joriy voqelikda normal va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan qonundir. Ayniqsa, dunyo tajribasi ham shu yo‘nalishda rivojlanmoqda.
Aslida, berilgan qoidalarning ko‘p qismi allaqachon mavjud. Shu bois, gap yangi qonun haqida emas, balki amaldagi qoidalarning tizimli to‘plami haqida bormoqda — soliq talablaridan tortib kontentni joylashtirish qoidalarigacha.
Ilk bor rasmiy ravishda “bloger” va “inflyuyenser” tushunchalariga ta’rif berildi. Bunda savol ochiq qolmoqda: nima uchun aynan 10 ming obunachi chegarasi belgilangan? Bugungi kunda brendga bir necha ming obunachiga ega bo‘lgan tor yo‘nalishdagi inflyuyenser, keng, ammo passiv auditoriyali hisobga nisbatan ko‘proq foyda keltirishi mumkin.
Biz uzoq vaqtdan beri bozorni qonuniylashtirish ustida ishlab kelmoqdamiz: so‘nggi ikki yil ichida 100 dan ortiq blogerga YTT yoki o‘zini o‘zi band qilish maqomini rasmiylashtirishda ko‘maklashdik. Bunda jarayonini kuzatib bordik, elektron raqamli imzo olishda yordam berdik, soliq rejimini tanlashda va boshqa zarur masalalarda ham maslahatlar berdik.
Biz bu amalda qanday ishlashini tushunamiz va inflyuyenserlarning moliyaviy faoliyatini tartibga solishda davlatning ishtirokini juda to‘g‘ri, deb hisoblaymiz.
Hamkorlik qilayotgan blogerlarimiz rasman ro‘yxatdan o‘tgan va soliq to‘laydilar — bu agentlik bilan hamkorlikning asosiy shartidir. Aks holda, mijozdan tortib ijodkorning o‘zigacha barcha tomonlar zarar ko‘radi. Barcha tomonlarning manfaatlari himoya qilinishi biz uchun muhim, buning uchun esa, albatta, shartnoma asosida ishlash shart. Daromad 1 mlrd so‘mga yaqinlashganda (va QQSga o‘tish zarurati tug‘ilganda), blogerlarga oldindan maslahat berib, moliyaviy modelni qayta ko‘rib chiqamiz.
Izohlarni moderatsiya qilish va ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish majburiyati haqida gapiradigan bo‘lsak, bu umuman olganda to‘g‘ri, ammo uni amalga oshirishda real yondashuvni talab etadi. Biz agentlik sifatida reklama mazmuni uchun mas’ulmiz, materiallarni sinchiklab tekshiramiz va zarur hollarda tezkor o‘zgartirishlar kiritamiz.
Biroq foydalanuvchilar sharhlari uchun javobgarlik mutanosib bo‘lishi lozim — ataylab tarqatilgan noto‘g‘ri axborot bilan tasodifiy yolg‘on ma’lumotlarni farqlash muhim. Aytgancha, AIM LAB sun’iy intellekt laboratoriyamizda aynan moderatsiyani avtomatlashtirish va soddalashtirish uchun yechimlar ishlab chiqish ustida ishlamoqdamiz.
Umid qilamizki, qonun sohani yetuklashtirish vositasiga aylanadi, bozorni kulrang hududdan olib chiqishga ko‘maklashib, soxta ma’lumotlar miqdorini kamaytiradi.