Vetnam texnologiya vazirligi telekommunikatsiya xizmatlari ta’minlovchilariga Telegramni bloklashni topshirdi. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.

Sabab sifatida Telegramning foydalanuvchilari tomonidan sodir etilgan taхminiy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilishni rad etgani ko‘rsatilgan.

Texnologiyalar vazirligi aloqa boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan 21-mayda imzolangan hujjatda telekommunikatsiya kompaniyalariga Telegramni bloklash choralarini ko‘rish va bu haqda 2-iyungacha vazirlikka хabar berish vazifasi yuklatilgan.

Qayd etilishicha, Vetnamdagi 9600 ta Telegram-kanal va guruhlarning 68%i qonunni buzayotgani, firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va terrorizm bilan bog‘liqligi haqidagi politsiya xabarlaridan so‘ng bloklash joriy etildi.

Politsiya, shuningdek, “hukumatga qarshi hujjatlarni tarqatayotgan ko‘plab guruhlar"ni ham aniqlagan. Rasmiy hujjatda ko‘rsatilishicha, vazirlik mamlakatning kiberxavfsizlik bo‘limi nomidan ish yuritadi.

Vazirlik telekommunikatsiya xizmatlari ta’minotchilariga murojaat qilib, Vetnamda Telegram faoliyatining oldini olish uchun tegishli yechimlar va choralar ko‘rishni so‘radi.


Avvalroq Spot Indoneziyada Telegram bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, messenjer, shuningdek, Bigo Live striming ilovasi pornografiyani tarqatish va onlayn qimor o‘yinlarini targ‘ib qilishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda