2025-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Joriy yil boshidan buyon 122,38 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2024-yilning shu ko‘rsatkichidan 6,8% ga ko‘pdir. Mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobillarning har uchinchisi Chevrolet Cobalt’ga to‘g‘ri keldi, ko‘rsatkich 7,3% ga oshib, 44,74 ming donaga yetdi.
Ikkinchi o‘rinda 29,9 mingta (+28,9%) yengil avtomobil bilan Damas turibdi. Chery (-20,6%) va Tracker (-18%) ishlab chiqarish mos ravishda 2773 va 14,09 mingta mashina bilan salbiy dinamika kuzatilmoqda.
Onix ishlab chiqarish 15,23 ming avtomobilni (+31,6%) tashkil etdi. Kia avtomobil ishlab chiqarishni 41% dan ko‘proqqa — 8680 donagacha oshirdi. Haval ishlab chiqarishni 11,5 barobarga oshirib, 2634 ta yengil avtomobilga yetkazdi. Shuningdek, Jizzax viloyatidagi BYD zavodi 4267 dona elektromobil ishlab chiqargan.
O‘zavtosanoat ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki to‘rt oyda 106,8 mingdan ortiq avtomobil sotilgan. UzAuto Motors’ning ulushi 55,6% gacha oshdi, keyingi o‘rinlarni Khorezm Auto (26,9%), ADM Jizzakh (11,3%) va BYD Uzbekistan Factory (5,6%) egalladi. Qolgan uchta ishlab chiqaruvchining umumiy ulushi 0,6% dan oshmaydi.
Brendlar orasida Chevrolet yetakchilikni davom ettirmoqda — 88,21 mingdan ortiq avtomobil, uning yarmidan ko‘pi esa Cobalt. Kia sotuvlari 7360 taga, BYD esa 5953 ta elektromobilga yetdi. Top-5 ga Chery va Haval kirdi — mos ravishda 2633 va 2127 ta yengil avtomobil.
Modellar kesimida birinchi beshta o‘rinni Chevrolet Cobalt, Damas, Tracker, Labo va Onix egalladi — ular jami sotuvlarning 81,7% dan ortig‘ini tashkil etdi. O‘ntalikka Kia Sonet, uchta BYD va Haval M6 modellari ham kirdi.
Avvalroq Xitoyning Dongfeng kompaniyasi Surxondaryo viloyatida avtomobil zavodi qurishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.