Yoshlik sport majmuasini boshqaruvchi Invest Group Centre ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
O‘zmilliybankka tegishli bo‘lgan kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish bo‘yicha ochiq savdoning Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) ni taqdim etish bosqichida 3 nafar talabgor ishtirok etdi. Talabgorlarga xususiylashtirish bo‘yicha konsultant Portfolio Investment aktivning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahliliy ma’lumotlar taqdim etdi.
Savdoda 297,9 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bilan qariyb $23 mln) eng yuqori narx taklifi bilan Kapitalbank g‘olib deb topildi. Xaridor mablag‘ni 1 oy ichida to‘liq to‘lashi shart.
Agentlikning qayd etishicha, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan aktivning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda baholangan qiymatidan yuqori.
Xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.
Kapitalbank aktiv va uning balansidagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasining faoliyat turini 10 yil muddat saqlab qolish majburiyatini oladi.
Majmua hududida sport-sog‘lomlashtirish faoliyatiga to‘g‘ri kelmaydigan bino-inshootlarning qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ta’mirlash-tiklash ishlari qat’iyan arxitektura-shaharsozlik kengashining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Avvalroq UET Invest Avtooyna kompaniyasining davlat ulushini 200 mlrd so‘mga sotib olgani haqida xabar berilgandi.