Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazgan tezkor tadbirlar natijasida soliq tizimidagi ayrim xodimlar tadbirkorlarning “Barqarorlik reytingi"idagi ma’lumotlarini soxtalashtirgani aniqlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga 18 ta xo‘jalik yurituvchining dasturdagi baholarini sun’iy ravishda qo‘shib, xavf darajasini olib tashlagan.
Natijada, jami 82 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi budjetdan noqonuniy ravishda qaytarib olingan.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ushbu jinoyat ishi doirasida yog‘och importi bilan shug‘ullanuvchi korxona hisobiga 5,5 mlrd so‘m QQS summasi noqonuniy qaytarilgani bo‘yicha Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi, MChJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Mazkur shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 16 ta obyektda tintuv-tergov harakatlari o‘tkazildi. Uning davomida $79 ming, 161 mln so‘m, 3 ta LI 9 elektromobili, 2 ta Gentra va 1 ta Nexia 3 avtomobillari, 1268 blokda Terea elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalit, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Jinoyat ishi doirasida qolgan xo‘jalik yurituvchilar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan budjet mablag‘lari bo‘yicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.
Soliq qo‘mitasi mazkur huquqbuzarlik holatlari bevosita qo‘mitaning ichki xavfsizlik tuzilmasi tomonidan aniqlangani va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fosh etilganini qayd etdi.
“Sodir etilgan holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Bu esa tashkilotimizda „faqat halollik va shaffoflik“ tamoyili qat’iy ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Soliq qo‘mitasi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib boradi va bunday holatlarga nisbatan „ichimizda“ ham keskin chora ko‘radi”, deyiladi xabarda.
Barqarorlik reytingi
2024-yil boshida Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.
Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23 ta mezon, 9 ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.
2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilandi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Yuqori reytingga ega tadbirkorlar soliq tekshiruvlaridan ozod etiladi hamda ularga nisbatan ortiqcha hisoblangan soliq summasi 3 kunda qaytarib beriladi.
Avvalroq Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi UzPost pochta operatoridan $2 mlndan ortiq qo‘shimcha soliq undirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.