Avvalroq Markaziy bank ichki avtomobil bozori dinamikasini tahlil qilgani haqida xabar berilgandi. Elektromobillar importining kamayishi mamlakatda ularni yetkazib berishning tartibga solinishi va qat’iylashtirilishi bilan izohlanadi.

Regulyator avtomobillar narxini yangi va eski hamda kam va ko‘p foydalanilgan turlarga ajratgan holda o‘rgandi. 2023-yilning mart oyidan boshlab yangi avtomobillarning so‘m va dollardagi narx indekslarida sezilarli pasayish kuzatildi. Kelgusi davrda so‘mdagi narxlarda o‘sish qayd etilgan bo‘lishiga qaramay, dollardagi qiymatida umumiy pasayuvchi trend saqlanib qoldi.

2025-yildan boshlab narxlarning o‘suvchi dinamikaga o‘tganligi kuzatilmoqda. Joriy yilning mart oyi yakuniga ko‘ra, yangi avtomobillar ikkilamchi bozor narxlarining oshishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan so‘mda 4,7% ni (dollarda — 1,6%) tashkil etgan.

“Ushbu holat ichki bozorda yangi mashinalarga talab yuqoriligi sharoitida import hajmining sezilarli kamayishi bilan izohlanishi mumkin”, — deyiladi hisobotda.

avtomobillar, elektromobillar, markaziy bank

Shu bilan birga, eski avtomobillar narxlari indeksida farqli tendensiyalar kuzatildi. Xususan, dollardagi narxlar 2023-yilning sentabrigacha, so‘mdagilar esa 2024-yilning o‘rtalarigacha bazaviy davrga nisbanat baland shakllandi. Kelgusi davrlarda ikkala indeksda ham narxlarning pasayish tendensiyasi davom etmoqda.

Ko‘p foydalanilgan avtomobillar narxining pasayishi bozorda yangi mashinalarga bo‘lgan talabning yuqori o‘sayotgani bilan izohlanadi. Aholi avtomobil xarid qilishda asosan, sifat, kafolat, yoqilg‘i samaradorligi va yangi texnologiyalarga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Shuningdek, Markaziy bank kredit va lizing mahsulotlari asosan yangi avtomobillar uchun qo‘llanilishini qayd etdi. Avtomobilning investitsion jozibadorligi pasayishi esa narxlar pasayishi bo‘yicha kutilmalar shakllanishiga xizmat qiladi.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda O‘zbekistonga avtomobillar importi 3,26 barobarga — 6794 tagacha, ularni yetkazib berish qiymati esa 4,24 barobarga — $115 mlngacha kamaygan. Chet el avtomobillarini olib kirish tarkibi — IYDli avtomobillar (3,56 baravarga kamayish), elektromobillar (1,94 baravarga kamayish) va gibridlar (deyarli 24 baravar).

Avvalroq UzAuto Motors Cobalt Midnight qimmat narxda sotilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar berilgandi.