O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida Toshkent-Fuchjou yo‘nalishi bo‘yicha blok poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
23-may kuni vazirning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Xitoyning Futszyan viloyati hokimi Jao Lun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Unda tomonlar transport, tranzit va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, Xitoy bilan xalqaro yuk tashish hajmi tarixiy daraja — 6 mln tonnaga yetdi. Toshkent-Fuchjou yo‘nalishidagi mazkur blok poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi Bir kamar — bir yo‘l tashabbusini yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi.
Bu yo‘nalish Markaziy Osiyodan Xitoyning janubi-sharqiy sohiligacha bo‘lgan hududlar va dengiz yo‘nalishini bog‘laydi. “U quruqlikdagi Ipak yo‘li bilan dengizdagi Ipak yo‘lini o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi ikki tomonlama aloqa tarmog‘ini vujudga keltirishi bilan ahamiyatlidir”, deyiladi xabarda.
Mamanbiy Omarov dastlabki blok poyezdi o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari solingan 50 ta konteynerdan iborat ekanligini qayd etdi. “Birinchi blok boyezdi O‘zbekistonning eksport salohiyati yuksalib borayotganining ramzi va yangi logistika yo‘nalishining amalda yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi”, — dedi u.
Avvalroq O‘zbekiston va Vengriya vagonsozlik sohasida birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev vengriyalik investorlar O‘zbekistonda logistika markazlarini qurish hamda aviatsiya sohasida yuk tashuvlarini amalga oshirishda hamkorlikka qiziqishayotganini ma’lum qildi.