Avvalroq prezident raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda mebel tannarxida import xomashyo ulushi 50−60% ni tashkil qilishi qayd etildi.
Ishlab chiqaruvchilar tannarxni pasaytirish uchun furnitura, aksessuar, bo‘yoq, kley va DSP kabi xomashyoga bojni kamaytirishni so‘ragan.
“Milliy mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun bunga rozilik beraman”, — dedi prezident.
Mutasaddilarga 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import bojini 1% etib belgilash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Mebel uchun yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.
2024-yili mebel eksporti $20 mlnga yetdi. Sifat, dizayn va brendga e’tibor qaratilsa, mavjud quvvatlarning o‘zida eksport hozirgidan 10 karra oshishi mumkinligi qayd etildi.
Mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajati hamda xorijdan jalb qilingan dizayner, marketolog, injener-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi. Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kv.metrdan 40 kv.metrga oshiriladi.
Mutasaddilarga malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Avvalroq bo‘sh turgan kollejlarda mebel sexlarini joylashtirish taklif qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, hunarmandlar sohada qonuniylashtirishni tezlashtirish uchun soliqlardan keshbek olish tashabbusini ilgari surdi.