Yevropa komissiyasi to‘lov bozori ishtirokchilari — banklar, savdo nuqtalari va ekvayring provayderlariga Visa va Mastercard o‘z tizimlaridan foydalanganlik uchun undiriladigan to‘lovlar bo‘yicha yangi so‘rov yubordi.

Bloomberg nashrining yozishicha, gap “sxematik to‘lovlar"ning shaffofligini tekshirish, ushbu to‘lov tizimlarini qabul qilish majburiyati va chakana sotuvchilar uchun haqiqiy foyda haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, bu to‘laqonli monopoliyaga qarshi tergovni boshlash uchun birinchi qadam bo‘lishi mumkin.

Tekshiruv hozircha dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, Visa va Mastercard kompaniyalarining bozordagi hukmronligidan foydalanish holatlari tasdiqlansa, ularga yillik global daromadlarining 10%igacha miqdorida jarima solish xavfi mavjud.

Yevrokomissiya rasmiy sharh berishdan bosh tortdi, ammo o‘zining kartelga qarshi vakolatlari doirasida axborot so‘rovlarini yuborish huquqiga ega ekanligini tasdiqladi.

To‘lov sohasidagi yirik kompaniyalar ko‘p yillardan buyon Yevropa Ittifoqi va AQShdagi monopoliyaga qarshi nazorat organlari e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

2019-yilda Mastercard Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi banklar faoliyati shartlarini cheklagani uchun 570 mln yevro miqdorida jarimaga tortilgan. Har ikkala operator ham chet el kartalari bo‘yicha tranzaksiya to‘lovlarini pasaytirishi shart qilib qo‘yilgan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropaning yirik tarmoqlari va onlayn-chakana sotuvchilari allaqachon Yevropa Komissiyasiga murojaat qilib, komissiya to‘lovlarining o‘sishini cheklashni talab qilgan.

Shuningdek, Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard aprel oyida Yevropa Ittifoqining chet el to‘lov platformalariga bog‘liqligini kamaytirish va raqamli yevroni joriy etishni tezlashtirish chaqirig‘i bilan chiqqan.

Bugungi kunda Visa va Mastercard yevrohududdagi barcha karta operatsiyalarining qariyb uchdan ikki qismini nazorat qilmoqda.

Kompaniyalarning ta’kidlashicha, ularning komissiya to‘lovlari ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qiymatini aks ettiradi. Bu xizmatlar qatoriga xavfsizlikni ta’minlash, firibgarlikning oldini olish va to‘lov infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash kiradi.

2019-yil yanvarida Yevropa Komissiyasi Mastercard kompaniyasini Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzganligi uchun 570,6 mln yevro miqdorida jarimaga tortgan edi.

Kompaniya chakana sotuvchilarning Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlaridagi banklardan qulay shartlarni olish imkoniyatini cheklab, ekvayer banklarni sotuvchi joylashgan mamlakat banklararo komissiyalarini qo‘llashga majbur qilgan.

Bu holat raqobatga to‘sqinlik qilib, iste’molchilar va savdogarlar uchun karta to‘lovlari narxining oshishiga sabab bo‘lgan. Mastercard o‘z aybini tan olib, tergov bilan hamkorlik qilgani uchun jarima miqdoridan 10%lik chegirma olishga erishgan.

O‘sha yili ikkala tizim ham chet ellik xaridorlar uchun vositachilik to‘lovlarini kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi TikTok’ni 530 mln yevro miqdorida jarimaga tortgani haqida yozgandi.

Jarimaga TikTok yevropaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini Xitoyga noqonuniy ravishda yuborgani va foydalanuvchilar bilan yetarlicha shaffof bo‘lmagani sabab bo‘lgan.