2025-yilning kuzida Rossiya fuqarolari bir shaxs nomiga rasmiylashtirilgan 20 dan ortiq bank kartalariga ega bo‘la olmaydi. Bu haqda Izvestiya nashri xabar bermoqda.
Bank kartalari soniga jami ikkita limit belgilangan va bunda:
- bitta bankda 5 tagacha karta;
- turli banklarda — 20 tagacha karta.
Cheklovlar kiritish g‘oyasi Rossiya Markaziy bankiga tegishli. Davlat dumasining moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakovning ta’kidlashicha, bu chora firibgarlarga qarshi kurashishga yordam beradi.
Uning aytishicha, tovlamachi shaxslar rossiyaliklarga qo‘ng‘iroq qilib, yangi bank kartasi ochishni va uning ma’lumotlarini telefon orqali aytib berishni so‘ramoqda. Keyin jinoyatchilar bu kartalardan ilgari o‘g‘irlangan pullarni yuvish uchun foydalanmoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar kuzda kuchga kiradi. Aniq qachonligi noma’lum. 2025-yil iyun oyida tashabbusni quyi palataga kiritish rejalashtirilmoqda. OAV xabar berishicha, “uni qabul qilish uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi”.
Mart oyida Rossiya Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan kartalar sonini cheklash masalasini ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
“Biz bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan kartalar soniga cheklov qo‘yish masalasini muhokama qilmoqdamiz. Bu cheklovlar oddiy fuqarolarga ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki oddiy fuqarolar yuzlab, hatto minglab karta ochmaydilar,” — dedi Nabiullina.
Nabiullinaning aytishicha, oddiy odamga turli banklarning shuncha ko‘p kartalari kerak emas.
“Shuning uchun chegara o‘rnatish kerak — aytaylik, bitta bankda beshtaga qadar, bir nechta bankda esa 20 tagacha karta. Bu ko‘lamni kamaytiradi”, — dedi Nabiullina.
Regulyator rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bu halol fuqarolarning huquqlarini hech qanday tarzda cheklamaydi, ya’ni ularning barcha ehtiyojlari hisobga olinadi.
2024-yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida Spot’ga ma’lum qilgandi.
Undan keyin regulyator bu yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.
Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki bitta fuqaroga ajratiladigan kartalar sonini 20tagacha cheklagandi. Mazkur tartib 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha amal qiladi.