Tilmoch.ai innovatsion startapi o‘zining mashina tarjimasi platformasida qozoq tilini qo‘llab-quvvatlash va Qozog‘iston bozoriga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Tilmoch o‘zining mashina tarjimasi tizimini minglab kitoblar, hujjatlar, veb-saytlar va boshqa matnli materiallarni o‘z ichiga olgan qozoq tili bazasida o‘qitdi. Kompaniya ta’kidlashicha, bu qozoq tilining o‘ziga xos xususiyatlari va nozik jihatlarini hisobga olgan holda moslashtirilgan tarjimon yaratish imkonini berdi.

Platforma boshqa mashinali o‘rganish yechimlariga qaraganda “yanada tabiiyroq tarjima” taqdim etishini ma’lum qildi. Bu fikr professional tarjimonlarning baholashiga asoslangan.

Bundan tashqari, tarjimon tizimiga tarjima aniqligini oshirish uchun sinonimlarni aqlli tanlash, sifatni yaxshilash maqsadida sun’iy intellekt yordamida tarjimalarni tahrirlash hamda fayllarni asl formatini saqlab qolgan holda tarjima qilish imkoniyatlari kiritilgan.

Qozog‘istonlik foydalanuvchilar uchun oyiga $4lik pullik obuna mavjud bo‘ladi. Uning to‘lovi Octobank ekvayringi orqali amalga oshiriladi.

Tilmoch faqat kirill alifbosidagi qozoq tili bilan ishlaydi. Startap asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov Spot uchun bergan izohida buni Qozog‘istonda lotin yozuvining rasman tasdiqlangan so‘nggi varianti mavjud emasligi bilan tushuntirdi. Bahs-munozaralardan qochish maqsadida lotin yozuvini qo‘shmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bugungi kunda Tilmoch platformasidan kuniga 130 mingdan ortiq foydalanuvchi — asosan o‘zbekistonliklar foydalanmoqda. Biroq, kompaniya Qozog‘istonda rivojlanish uchun “ulkan imkoniyat” borligini ko‘rmoqda.

2025-yil oxirigacha platformaga Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining barcha asosiy tillarini kiritish rejalashtirilmoqda.

Kompaniya veb-saytida o‘zbek, rus, ingliz va qoraqalpoq tillaridan tashqari, qozoq, turk, koreys va xitoy tillari ham mavjud. Muhammadsaid Mamasaidovning ta’kidlashicha, turk tili asosan qozoq va o‘zbek tillari bilan yaxshi ishlaydi, koreys va xitoy tillari esa hali takomillashtirilish jarayonida.

2024-yil iyun oyida Tahrirchi startapi Tilmoch sun’iy intellektga asoslangan o‘zbek va qoraqalpoq tillari uchun onlayn tarjimonni taqdim etdi.


Avvalroq Spot Qozog‘istonda davlat xizmatchilariga ChatGPT’dan foydalanish taqiqlangani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirlar ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.