Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha 26-may kuni qabul qilingan xalq deputatlari viloyat kengashining tegishli qarori bilan yangi tariflar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulidan boshlab viloyatda ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflar quyidagicha belgilanadi:

Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha (QQSsiz):

  • aholi uchun — 2600 so‘m (amalda — 2000 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 15 ming so‘m;

Oqova suvi narxi (QQSsiz):

  • aholi uchun — 1300 so‘m (amaldagi narxi — 1000 so‘m);
  • budjet tashkilotlari uchun va ulgurji iste’molchilar uchun — 3000 so‘m.

Viloyatda Toshkent viloyati suv ta’minoti, Musaffo obi hayot magistral suv ta’minoti, Chimgan-Chorbog‘ magistral suv ta’minoti suv yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Avvalroq 5-iyundan Xorazmda ichimlik va oqova suv uchun narxlar oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Aholi uchun bir metr kub ichimlik suvi narxi 4500 so‘mni, budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun esa 10 400 so‘mni tashkil etadi.