Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni temir yo‘llarni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi 2024-yilni 47 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Temiryo‘lkargo kompaniyasi tashkil etilib, yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi 2 baravar oshdi. Hali imkoniyatlar ko‘pligi qayd etilib, taqdimotda soha infratuzilmasini rivojlantirish va daromadni oshirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Tranzit yuklarini tashish quvvatidan to‘liq foydanilmayapti. Buni kelgusi yillarda 40% ga oshirish orqali daromadni 2 karra ko‘paytirish mumkin. Masalan, ilk bor Xitoy — Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonga yangi poyezdlar olib kelinib, qatnovlar soni ko‘paytirilmoqda. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasi o‘tkazuvchanligini izchil oshirib borish zarurligi ta’kidlandi. Bu ayniqsa, Toshkent atrofida dolzarbligi ta’kidlandi. Hozir tashqi yuklarning 70%i Chuqursoy stansiyasi orqali tashilmoqda. Ba’zan bunga bir necha kun vaqt sarflanib, ortiqcha xarajat va navbatga sabab bo‘layapti.
Shundan kelib chiqib, yuk stansiyalarini poytaxt hududidan tashqariga chiqarish, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, poytaxtni aylanib o‘tuvchi Ozodlik-Yangiyer temir yo‘li qurilishi ko‘zda tutilgan. Natijada Farg‘ona vodiysi bilan boshqa viloyatlar o‘rtasidagi yuk tashuvlari Toshkent shahriga kirmasdan amalga oshiriladi.
Yana bir, Samarqand-Urgut temir yo‘li loyihasi doirasida ishlar boshlanib, 7 km temir izlar yotqizildi. Bu yo‘nalish uzunligi jami 54 kmni tashkil etadi hamda 2 ta vokzal, Urgut iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi quriladi.
Vokzallarga kirib-chiqish tartibi, xizmatlar sifati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yo‘lovchilar harakatiga qulaylik yaratish, turistlar uchun sharoitni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari qayd etildi. Mutasaddilar, shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy Toshkent-Fuchjou yo‘nalishida blok poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Ushbu poyezd o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari ortilgan 50 ta konteynerdan iborat.