O‘zbekiston va Xitoy yo‘l sohasidagi standartlarning yagona tizimini ishlab chiqishda hamkorlik qiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi delegatsiyasi vakillari Xitoyga xizmat safari davomida TianJin shahridagi shahar muhandislik, loyihalash va tadqiqot instituti rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda yo‘l xo‘jaligi sohasida ilmiy-texnikaviy innovatsiyalar yo‘nalishida hamkorlik qilish, jumladan innovatsion materiallarni birgalikda yaratish borasida muzokaralar olib borildi.
Tomonlar O‘zbekistonda ilk bor xorijiy rivojlangan davlat bilan yo‘l sohasida yagona standartlar tizimini yaratish, innovatsion materiallar ishlab chiqish, va raqamlashtirish yo‘nalishlarida amaliy ishlar boshlash bo‘yicha hamkorlik bitimini imzoladi.
Mazkur hamkorlik kelishuvi Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati tarixida muhim voqealardan biri ekanligi qayd etildi. Bu ilmiy salohiyatni kengaytirish hamda sohani jahon talabiga mos ravishda rivojlantirishga yordam beradi.
Endilikda bitim doirasida yo‘l sohasida yangi innovatsion materiallarni ishlab chiqish, yagona standartlar tizimini yaratish va raqamlashtirish borasida amaliy ishlar boshlanadi.
O‘tgan haftada O‘zbekiston va Xitoy Toshkent-Fuchjou yo‘nalishida blok poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu poyezd o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari ortilgan 50 ta konteynerdan iborat.
Avvalroq yuk temir yo‘l stansiyalarini Toshkent hududidan ko‘chirish, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif etilgani haqida xabar berilgandi.