Donald Tramp ma’muriyati AQShda o‘qishni rejalashtirayotgan xorijlik talabalar uchun yangi viza intervyularini tayinlashni to‘xtatdi. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio imzolagan Davlat departamentining ichki xatiga tayanib Politico nashri xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, AQShning barcha elchixonalari va konsulliklariga yangi ko‘rsatmalar chiqmaguncha F, M va J turdagi vizalar uchun yangi muddatlarni belgilamaslik haqida ko‘rsatma berilgan.

Bu holat viza arizalarini ko‘rib chiqish muddatlarini cho‘zib yuborishi va universitetlar faoliyatiga, jumladan, moliyaviy jihatdan ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki xorijiy talabalar ularning daromadlarining sezilarli qismini tashkil etadi.

Politico nashrining ta’kidlashicha, bu qaror ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishni kengaytirish imkoniyatiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq — endi barcha ariza beruvchilarning ijtimoiy tarmoqlarini tekshirmoqchi.

Bunday tekshiruvlar ilgari ham o‘tkazilgan, biroq cheklangan miqdorda — asosan Isroilning G‘azodagi harakatlariga qarshi namoyishlarda qatnashgan talabalarga nisbatan qo‘llanilgan.

Mutaxassislarning fikricha, tashabbus viza olish jarayonini keskin sekinlashtirishi, kuzgi qabulni xavf ostiga qo‘yishi va Amerika universitetlariga, ayniqsa, xorijlik talabalarga moliyaviy jihatdan bog‘liq bo‘lgan universitetlarga zarba berishi mumkin.

Bundan tashqari, ko‘plab amaldorlar uzoq vaqtdan beri tekshiruv mezonlari noaniq ekanligidan shikoyat qilishmoqda. Aynan qaysi postlar yoki harakatlar rad etishga sabab bo‘lishi hozircha noma’lum.

Elchixonalarga yuborilgan xabarda ta’kidlanishicha, avvaldan belgilangan suhbatlar bekor qilinmaydi, ammo yangi muddatlarni belgilash taqiqlanadi. Davlat departamenti vakili bildirganidek, idora “xavfsizlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi” va arizachilarni tekshirish uchun “barcha mavjud vositalardan” foydalanishni davom ettiradi.

NAFSA xalqaro ta’lim assotsiatsiyasi ma’muriyatning bu qarorini qattiq qoraladi. Idora rahbarining ta’kidlashicha, “chet ellik talabalar tahdid emas, aksincha, ular AQSh uchun ulkan aktivdir”. Meta, Google, TikTok va X kabi yetakchi ijtimoiy tarmoqlar bu borada izoh berishdan bosh tortdi.

Tramp ta’limga qarshimi?

Yangi tartibga tayyorgarlik Oq uyning Amerika universitetlariga qarshi keng ko‘lamli kampaniyasi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Tramp Oq uyga qaytgach, darhol universitetlarda antisemitizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Harvard va boshqa universitetlarga boshqaruv tizimini, qabul qilish va ishga olish qoidalarini o‘zgartirish, shuningdek, xorijiy talabalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish talablari qo‘yildi.

Tramp Harvard va boshqa oliy o‘quv yurtlarini antisemitizm va “so‘l g‘oya"larga ko‘z yumishda aybladi. Bundan oldin ma’muriyat bir qator universitetlarning moliyalashtirilishini to‘xtatgan va minglab vizalarni bekor qilgan edi. Endi hukumat mamlakatga o‘qishga kelayotganlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi, jumladan, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tahlil qilishni rejalashtirmoqda.

Harvard talablarni bajarishdan bosh tortgach, hukumat $2,2 mlrdlik federal mablag‘ni muzlatib qo‘ydi. Keyinchalik qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi: yangi grantlar taqiqlandi, avval ajratilgan $450 mln qaytarib olindi va $60 mlnik tibbiy subsidiyalar to‘xtatildi. Jami yo‘qotishlar $2,7 mlrddan oshdi.

O‘tgan hafta AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi kutilmaganda Harvardning 2025−2026 o‘quv yilida xorijiy talabalarni qabul qilish huquqini bekor qildi. Bunga sabab, universitetning go‘yoki “Amerikaga qarshi” talabalarga zo‘ravonlik, tahdid va norozilik namoyishlarida, shu jumladan “dushman davlatlar manfaatlari yo‘lida” harakat qilishlariga yo‘l qo‘ygani haqidagi ayblovlar bo‘ldi.

Vazirlik rahbari 72 soat ichida chet ellik talabalar haqidagi to‘liq ma’lumotlarni, jumladan “hukumatga qarshi harakatlar"da qatnashgan bo‘lishi mumkin bo‘lganlarning video va audio yozuvlarini hokimiyatga topshirishni talab qildi. Bayonotda “Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqalar” haqida ham gap borgan.

Bu 7 mingdan ortiq xalqaro talabaning kelajagini xavf ostiga qo‘ydi.
Harvard sudga murojaat qilib, qarorning kuchga kirishiga vaqtinchalik taqiq olishga erishdi.

Harvard o‘z mustaqilligidan voz kechish va mafkuraviy bosimga bo‘ysunish talab qilinayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, universitet ma’muriyatni qasos olishda va universitetning ilmiy hamda ta’lim infratuzilmasini buzishga urinishda aybladi.

Bundan tashqari, mart oyida Tramp AQSh Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu uning saylovoldi va’dalaridan biri edi. “Biz uni iloji boricha tezroq yopishni rejalashtirmoqdamiz. U bizga hech qanday naf keltirmayapti”, — degan AQSh prezidenti.