Prezident qarori bilan 2025−2028-yillarda mebel va yog‘ochsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Qarorga muvofiq mebel va yog‘ochsozlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 30%ga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, eksport hajmi $100 mlnga yetkazilib, sohaning 50 ming nafar ishsiz fuqaroni daromadli mehnat bilan ta’minlashi rejalashtirilgan.

2025-yil 1-iyuldan boshlab YTTlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) o‘z xonadonida mebel tayyorlash bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.

1-avgustdan esa mahalliy mebel texnologlari xorijiy nufuzli tashkilotlarning malaka sertifikatlarini olish uchun sarflanadigan xarajatlarning 50% qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari 2029-yil 1-yanvargacha mebel ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importiga bojxona boji 1% qilib belgilanadi.

Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mebelsozlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytirilishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda prezident mutasaddilarga 14 turdagi xomashyo, furnitura hamda aksessuar uchun bojni uch yilgacha 1% etib belgilash bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni topshirdi.

Shuningdek, malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish topshirilgandi.

Avvalroq bo‘sh turgan kollejlarda mebel sexlarini joylashtirish taklif qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, hunarmandlar sohada qonuniylashtirishni tezlashtirish uchun soliqlardan keshbek olish tashabbusini ilgari surdi.