28-may kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 617 ta avtomobil raqami sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 584 tasi jismoniy shaxslar, qolgan 33 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan avtoraqamlarga to‘g‘ri keladi. Savdo maydonchasida xarid qilingan eng arzon avtoraqam qiymati 1,9 mln so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, shu kuni sotilgan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam qiymati 712,1 mln so‘m bo‘ldi.
Bu 20-may kuni auksionda qayd etilgan rekord narx (722,3 mln so‘m) bilan qariyb teng ko‘rsatkichdir. Savdoni yakunlash uchun xaridor to‘lovni amalga oshirishi va avtoraqamni ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.
Avvalroq Kapitalbank Toshkentdagi Yoshlik sport majmuasini $23 mlnga sotib olgani haqida xabar berilgandi. Xaridor mablag‘larni bir oy ichida to‘liq to‘lashi va kamida 10 yil davomida joriy faoliyat turini saqlab qolishi kerak.