AQSh hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask o‘z lavozimini tark etayotganini e’lon qildi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Maxsus davlat xizmatchisi sifatidagi vakolat muddatim tugayotganligi sababli, samarasiz xarajatlarni qisqartirish imkoniyati uchun prezident Trampga minnatdorchilik bildirmoqchiman. DOGE’ning vaqt o‘tishi bilan missiya faqat mustahkamlanadi, chunki u butun hukumatning hayot tarziga aylanadi”, — deb yozgan Mask.

Forbes nashrining yozishicha, Oq uydagi anonim manba Maskning o‘z lavozimini tark etganini tasdiqladi.

Mask o‘z qarorini CBS telekanali Trampning asosiy qonunchilik tashabbusi haqidagi intervyuning bir qismini e’lon qilganidan keyingi kuni ma’lum qildi.

Ushbu tashabbus AQShda soliqlarni kamaytirish va immigratsiya nazoratini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini o‘z ichiga oladi.

Mask bu qonun loyihasini “keng ko‘lamli xarajatlar loyihasi” deb atadi va uning federal budjet taqchilligini oshirishi hamda DOGE faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘z fikrini bildirdi.

Maskning DOGE rahbari sifatidagi faoliyati minglab ishchilarni ishdan bo‘shatish hamda davlat idoralari va dasturlarini tugatishni o‘z ichiga olgan.

Mask dastlab Oq uy xarajatlarini $2 trlndan $1 trlngacha qisqartirish haqida bayonot bergan. Amalda esa xarajatlarni 150 mlrdga qisqartirgan va federal amaldorlarning qarshiligidan norozi bo‘lgan, deya xabar bermoqda AP.

Tramp noyabr oyida Ilon Maskni hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimiga tayinlagandi. Ushbu departamentni Mask bilan birgalikda yana bir tadbirkor Vivek Ramasvami boshqaradi.

U o‘z bayonotida Mask va Ramasvami “yangi ma’muriyat hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha tartibga solishni qisqartirish, keraksiz xarajatlarni qisqartirish va federal agentliklarni qayta qurish yo‘lini ochishini” ta’kidladi.

Ilon Mask Donald Tramp prezidentlik kampaniyasining eng yirik homiylaridan biri bo‘lib, siyosatchining o‘zi milliarderni samaradorlik bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari etib tayinlashga va’da bergan.