Yangilandi: 29-may, soat 15:22 holatiga kompaniya Malibu XL avtomobili uchun kontraktatsiya yakunlanganini ma’lum qildi.


UzAuto Motors Chevrolet Malibu XL avtomobili uchun kontraktatsiyani qayta boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

29-maydan boshlab mijozlar avtomobilni kerakli modifikatsiyasi hamda “istalgan rang"da tanlab, onlayn shartnoma tuzishlari mumkin.

Biroq, avtomobil ishlab chiqaruvchisi Traverse va Tahoe uchun shartnoma berish qachon ochilishiga aniqlik kiritmadi.

Joriy yilning aprel oyi boshida UzAuto Motors Chevrolet Malibu, Traverse va Tahoe avtomobillari sotuvini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Uzavtosavdo saytida faqat Damas-2, Tracker-2, Captiva 5T va Onix avtomobillari uchun shartnoma tuzish mumkin edi.

Avtostrada nashrining yozishicha, mart oyining o‘rtalaridan boshlab premium avtomobillar uchun shartnomalar berish to‘xtatilgan. Buning ehtimoliy sabablaridan biri amaldorlarning xorijiy xizmat avtomobillaridan voz kechib, mahalliy avtomobillarga o‘tayotgani bo‘lishi mumkin.

Kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ushbu modellar uchun to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qilgandi. Qo‘shimcha hajmlarni “tez orada” sotuvga chiqarish rejalashtirilgandi.

Aprel oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Malibu-2 avtomobillari Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq, UzAuto Motors bu xabarlarni rad etib, Malibu-2 avtomobillari partiyasi Xitoydan Qozog‘iston orqali “belgilangan tartib-qoidalarga to‘liq rioya qilgan holda” O‘zbekistonga yuborilayotganini ma’lum qildi.

“Inomarka"siz rasmiylar

5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev rasmiylarga xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Bir necha kundan keyin esa bosh vazir Abdulla Aripov barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirdi, uning o‘zi esa xizmat avtomobilini Mercedes-Benz'dan Malibu’ga o‘zgartirdi.

Bundan tashqari, Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtomobillariga o‘tdi.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov esa xizmat avtomobili sifatida Mercedes-Benz o‘rniga Malibu’dan foydalanmoqda. Tuman hokimlari ham Chevrolet avtomobillaridan foydalanishni boshlagan. Shu kungacha foydalanib kelingan avtomobillar bosqichma-bosqich E-auksion orqali sotilishi belgilangandi.

Bu orada O‘zbekneftgaz 5 ta xizmat avtomobilini auksionga chiqardi. Ular qatorida 2018−2020 yillarda ishlab chiqarilgan uchta Mercedes-Benz, Toyota Land Cruiser hamda Chevrolet Tahoe bor.

Avvalroq UzAuto Motors Cobalt Midnight qimmat narxda sotilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar berilgandi.