Yoshi 20 da bo‘lgan Kamronbek Nodirbekov qiziqishlari ortidan sherigi Aziz Toxirov bilan 16 yoshida Ozbe brendiga asos soladi. Ularning Mustaqillik, Amir Timur, Ozbe, Proud to be Ozbe kabi droplariomma orasida keng tarqalgan.
Ushbu droplar orqali brend milliylikni faqat atlas, adras, taqinchoq va naqshlar bilangina emas, balki so‘zlar, shuningdek, O‘zbekistondagi mashhur me’moriy obidalar tasviri orqali ham ifodalash mumkinligini namoyon etdi.
Bugungi kunda Ozbe brendi ostida — Ozbe community ham shakllangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi xayriya loyihalarini amalga oshirish, kreativ yoshlarni bir nuqtaga jamlashdan iborat.
Brend bu bilan cheklanib qolmay, B2B yo‘nalishida ham bir qator kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, Yandex Music’ning Uchqun loyihasi, Toshkentdagi Inha universiteti bilan merchlarustida ishlash bo‘yicha shartnomalar imzolagan.
Kamronbek Spot’ga qiziqishlari qanday qilib tadbirkorlikka olib kelgani, nima sabab sherigi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish bermayotgani hamda bu biznesdagi qiyinchilik va xatolari haqida gapirib berdi.
Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:
Ozbe’ning yaratilishi: biznes boshlash uchun 16 yoshli do‘stlar $300 pulni qayerdan olishgandi?
2021-yil. SMM kursiga qatnab yurgan kezlarim Aziz Toxirov ismli bola bilan tanishib qoldim. Bir maktabda 11 yil davomida parallel sinflarda o‘qib bir-birimizni umuman tanimagan ekanmiz.
16 yoshda u bilan SMM bo‘yicha birgalikda loyiha olmoqchi bo‘lib turli korxona, tashkilotlarga bordik — yosh bo‘lishimizga qaramasdan loyihalar uchun $500, $1000 lik hisoblar so‘rardik. Lekin ulardan ijobiy javob olmasdik.
Shundan so‘ng, tovarlar savdosi bilan shug‘ullanish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishda tajriba orttirishga harakat qildik — Xitoydan tovar olib kirish eng maqbul variantdek tuyuldi. Ammo mahsulotlarning yetib kelish jarayoni hamda ularni sotish ancha vaqt talab qilgani sabab bu g‘oyadan ham voz kechishga to‘g‘ri keldi.
Chap tomonda Aziz Toxirov, o‘ng tomonda Kamronbek Nodirbekov. Foto: Kamronbek Nodirbekovning shaxsiy arxividan
Pinterest’da Nike brendining olov, yurak shaklidagi svitshotlarini ko‘rib qoldik. Shundan so‘ng mahsulotni o‘zimizda chiqarish fikri paydo bo‘lib, tikuv fabrikalarini qidirdik.
G‘oya bor, lekin tikuv fabrikalariga to‘lov qilish uchun pul yo‘q — mablag‘imiz bo‘lmaganligi sababli ular bilan sotuvdan tushgan daromad orqali to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha kelishib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Lekin buning ham iloji bo‘lmadi.
Shundan so‘ng, g‘oyamizni yaqinlarimizga tushuntirdik — do‘stimizdan $200 qarz olganmiz, qolgan $100 ni onam berib turganlar. Shunday qilib, 2022-yil 22-fevral kuni jami $300 bilan Ozbe brendiga asos solganmiz.
Brendni nomlash, do‘stlarning ajralishi: $10 ming tovar muzlab qoldi
G‘oya paydo bo‘lgandan so‘ng unga nom berishimiz kerak. Ikki variant bo‘lgan: sherigim Aziz — Clouds, men esa Ozbe deb nom berishni taklif qildim.
O‘sha paytlarda Instagram sahifamdagi taxallusim Kamron Ozbe bo‘lgani sabab bu nom paydo bo‘lgandi — sahifamdagi nomni brendga berish g‘oyasi tug‘ildi.
Pinterestda Nike mahsulotidan ilhomlanib, ozbe batterfly’s, flameva ozbe’ning maxsus logotipi tushirilgan birinchi svitshotlarimizni chiqardik. Aynan shu dropdan birinchi marotaba 3 ta rangda, 50 dona mahsulotni sotuvga chiqarganmiz. Birinchi dropdan foyda ko‘rilmagan, asosiy maqsad tezroq sotib mahsulotni ommalashtirish bo‘lgan.
2023-yilga kelib, yopilib ketishimizga bir baxya qoldi. Fevral oyining boshida qish mavsumiga mo‘ljallangan drop chiqarib qo‘ydik, aksiga olib oyning o‘rtalarida kunlar isib ketdi.
Natijada, $10 minglik — 80% tovarlar bilan qolib ketib, 6 oycha yangi mahsulot chiqarilmadi. Aynan shu vaqtda ko‘pchilik Ozbe’ni yopilib ketgan, deb o‘yladi. Oktabr oylarida qarzlar bilan bo‘lsa ham yangi “Yana o‘yinda” nomli drop chiqardik.
Ozbe brendi jamoasi. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Bu to‘plam yaxshi ketganday bo‘ldi, lekin sherigim bilan kelisha olmadik — yaxshi notada xayrlashdik. To‘g‘risini aytganda mas’uliyatni to‘g‘ri taqsimlay olmagandik — 2023-yilning dekabrlarida ajralganmiz desak bo‘ladi, 2024-yilning boshidan boshlab biznesni o‘zim yuritishni boshladim.
Droplar dizayni: xorijga savdo hamda Teplo store
Droplardagi chizmalar g‘oyasi o‘z-o‘zidan keladi yoki qaysidir bir dizayndan ilhomlanib yaratiladi. Lekin, boshqalardan ilhomlanib yaratilish uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olinadi, degani emas — har bir brendning o‘z yo‘nalishi va oqimi bor.
Birinchi to‘plamdagi svitshot 220 ming so‘mdan sotuvga chiqarilgan. 3 yilda 20 dan ortiq drop chiqardik. Boshida 100−150 dona dropga sotuv bo‘lgan bo‘lsa hozir bu ko‘rsatkich 2000 yoki 3000 ga ham boradi. Sotuvda mavsumiylik muhim — qishda 1 dona xudining puliga yozda 3 dona futbolka chiqarish mumkin.
Bugungi kunda Qozog‘iston, Rossiya hamda Yevropadan Germaniya, Buyuk Britaniya singari davlatlarga droplar sotilgan. Lekin xorijga mahsulotlarni chiqarish katta foyda olib kelmaydi — bu jarayonda yetkazib berish xizmatlari narxi ham inobatga olinadi.
Teplo store’ga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda joy olib mahsulot sotish ba’zida o‘zini qoplasa, ba’zida umuman qoplamaydi. Aslida bu savdo qilishdan ko‘ra brendi tanilishiga ko‘proq xizmat qiladi — odamlar bilan muloqot qilib, mahsulotlarimizni yaqindan tanishtiramiz.
Bu yerda 1 dona reyl— 4 mln so‘mga yaqin, 1 dona javon — 2 mln so‘mga ijaraga beriladi. Undan tashqari sotilgan savdodan 10% miqdorida to‘lov qilinadi.
Rostini aytganda, onlayn-savdo qiyin. Shuning uchun, kuz oylarida do‘kon ochishni reja qilyapmiz.
Qizil gilam: xato qilganmiz, biroq…
Xaridorlarning ko‘pini yaxshi eslayman — mahsulotni sotayotganda ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilardim. Shunday voqea ham bo‘lgandi — gilam tasviri tushirilgan telefon g‘ilofining bir to‘plami, taxminan 200−300 donasi sotuvga chiqarilib xaridor qo‘liga yetganida g‘ilof ustidagi rasm ko‘chib ketayotganini bilib qoldik.
Shundan so‘ng aynan shu to‘plamdagi g‘ilofni xarid qilgan xaridorlarning barchasi bilan bog‘lanib gaplashib chiqdik: xato qildik, lekin uni to‘g‘rilashga ham harakat qildik. Bu vaziyatda ularga shu turdagi boshqa g‘ilof yoki shu qiymatdagi boshqa mahsulotni taklif qildik — shunda tushundimki, hamma gap to‘g‘ri muloqot qila olishda ekan.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Sherigim Azizning buvisini uyidagi gilami tasviri aslida bu. Ozbe’ning eng yaxshi g‘oyalaridan biri sifatida bilaman.
Bundan tashqari, noto‘g‘ri print urib qo‘yilgan holatlar ham bo‘lgan. Bunday vaziyatlarda mahsulot shunchaki yaroqsiz holatga keladi — ularni qayta ishlatsa bo‘ladi, misol uchun, yosh bolalarga kiyimlar tikib sotish mumkin, lekin bu yo‘nalish bizda hali mavjud emas.
Hozircha bunday vaziyatlarda ularni omborxonada saqlashimizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, xatolar orqali o‘sib boriladi va undan tajriba olinadi — bu narsalardan “cho‘kib” qolish kerak emas.
Brendning ommalashishida marketingning o‘rni
Birinchi navbatda, chiqarilayotgan mahsulot hech kimnikiga o‘xshash bo‘lmasligi kerak — o‘sha paytlarda shu bilan ajralib turardik. Shuningdek, kiyim brendlari hali u darajada ommabop emasdi.
Ozbe’ni ommalashib borishiga birinchi sabab — ijtimoiy tarmoqlar, asosan TikTok platformasidagi sahifamizning yaxshi yuritilgani, deb o‘ylayman. Ikkinchi dropni ommaga taqdim qilayotgan paytimiz sahifadagi videolarni ko‘rib bloger Timur Alixonov mahsulotimizni xarid qilmoqchi bo‘lgan. O‘sha vaziyatda barterasosida ishlash taklif qilingan, shundan buyon hamkorlikda ishlaymiz.
Ular mahsulotni reklama qilib berganlaridan so‘ng 1 kun ichida 40 dona drop sotuviga erishilgan — bu o‘sha davr uchun yuqori ko‘rsatkich edi. Shundan so‘ng ko‘pchilik iste’molchilar bu brendi bloger Timur Alixonovga ham tegishli, deb o‘ylagan.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Marketingga deyarli mablag‘ sarflanmaydi — futbolchi Abbosbek Fayzulayev, Timur Alixanov va boshqa taniqli blogerlar bilan barter asosida ishlaymiz. Shuningdek, Instagram-tarmog‘ida ham videolar (reels'lar) tabiiy holda yuqori ko‘rishlar soniga ega bo‘ladi.
Onlayn-savdoning qiyin tomonlari: sahifaga hujum
Birinchi navbatda muloqot qilish qiyin — mahsulotni olamiz, deb yo‘q bo‘lib ketishadi. Agar do‘kon bo‘lsa sotib olish yoki olmaslik o‘rtasidagi “ikkilanishni” yo‘q qilish mumkin. Onlayn-savdoda ko‘proq e’tiborni ijtimoiy tarmoqlar hamda veb-sahifalarga qaratamiz.
Veb sahifamiz “Shopify” ilovasida ishlaydi— bu yerda sahifani yaratish juda oson. Bu bilan o‘zim shug‘ullanganim bois bunga ortiqcha xarajat qilinmagan, faqat oylik to‘lov to‘lanadi.
Boshida veb-sahifamizga hujum bo‘lib, bo‘lar bo‘lmas suratlar qo‘yib tashlashgan. Uni to‘g‘rilagunimizga qadar bir oy Telegram’da maxsus bot orqali savdo qilib turganmiz — bu ham onlayn savodning qiyin taraflaridan biri.
B2B: Bir maydondagi do‘stlar
Ozbe bugungi kunda Yandex music’ning Uchqun loyihasi, Inha kabi universitetlar bilan B2Byo‘nalishida hamkorlikda ishlagan. Undan tashqari Pepsi kompaniyasi bilan o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan festivalda ham hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda.
Buyurtma beruvchi bilan ishlayotganida ular istayotgan mahsulotni 0 dan yig‘amiz: tikishdan boshlab mato sifatigacha.
Xalqaro brendlarga keladigan bo‘lsak, Qozog‘istonda Qazaq Republic brendi mavjud — ko‘pchilik bu brenddan ko‘chirilgan deb o‘ylaydi. Aslida Ozbe’ni ochayotganda bu brend borligini ham bilmaganmiz. Undan tashqari Basqa juda ham unikal mahsulotlar chiqaradi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Bugungi kunda bir yo‘nalishda ishlaydigan brendlar mavjud, misol uchun, Tirikchilik, Ooddiiy, Uma singari. Ular o‘z ustilarda tinmay ishlab yangi droplar chiqarishmoqda.
Bu juda yaxshi, bozorda hammaning o‘z bo‘lagi, nasibasi bor. Ular ham unikal mahsulotlarni beraverishsin biz ham o‘z ustimizda ishlashni davom etaveraylik — birga moda industriyasini rivojlanishni davom etaylik.