BMT kotibiyati $3,7 mlrdlik budjetini 20%ga qisqartirishga va 6,9 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirishga tayyorlanmoqda, deya xabar berdi Reuters tashkilot ichki eslatmasiga tayanib.

Xodimlardan 13-iyungacha qisqartirishlar haqida batafsil ma’lumot berishni talab qiladigan ko‘rsatma har yili butun dunyo tashkilotining deyarli to‘rtdan bir qismini moliyalashtiradigan Qo‘shma Shtatlar tomonidan qisman qo‘zg‘atilgan moliyaviy inqiroz fonida paydo bo‘ldi.

Donald Tramp davrida xorijiy davlatlarga beriladigan yordamning qisqartirilishi BMTning gumanitar tashkilotlarini zaiflashtirganidan tashqari, AQSh hozirgi moliyaviy yil va to‘lovlarning kechikishi uchun qariyb $1,5 mlrd qarzdor bo‘lib qolmoqda.

BMT nazoratchi inspektori Chandramuli Ramanatan AQShning to‘lovlarni amalga oshirmaganligini ta’kidlamagan. U qisqartirishlar mart oyida “BMT80” nomi ostida boshlangan taftishning bir qismi ekanligini qayd etgan.

“Bu BMTning 21-asr ko‘p tomonlama hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va barcha uchun yaxshiroq hayot va kelajak qurish maqsadiga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan ulkan harakat”, — dedi Ramanatan.

Ramanatanning qayd etishicha, qisqartirishlar keyingi budjet davrining boshida, 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan.

Shu oyda BMT diplomatlari uchun o‘tkazilgan ochiq brifingda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish asosiy bo‘limlarni birlashtirish va resurslarni butun dunyo bo‘ylab qayta taqsimlashni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli qayta tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

U BMT ba’zi agentliklarni birlashtirishi, boshqalarini qisqartirishi, xodimlarni arzonroq shaharlarga ko‘chirishi, takrorlanishlarni kamaytirishi va ortiqcha byurokratiyani bartaraf etishi mumkinligini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Volvo 3000 ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qisqartirishlar kompaniya umumiy ishchilarining 15%i va asosan Shvetsiyadagi ofis xodimlariga ta’sir qiladi.