Yaponiyada internet tezligi bo‘yicha yangi jahon rekordi o‘rnatildi. Bu haqda Habr nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, 19 kanalli optik tolali kabel orqali 1808 km masofaga bir soniyada 1 mln Gb ma’lumot uzatildi.

Bu tezlik bir soniyada 10 mingta 4K formatdagi film yoki 20 mingta GTA V nusxasini yuklab olish uchun yetarli hisoblanadi.

internet, rekord, tezlik, yaponiya

Yapon tadqiqotchilari guruhi odatdagi optik toladan qalin bo‘lmagan, biroq ma’lumotlarni parallel uzatish imkonini beradigan 19 ta bog‘langan kanalni o‘z ichiga olgan yangi optik tolani ishlab chiqdi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu texnologiya sun’iy intellekt, 6G va narsalar interneti tufayli ma’lumotlar trafigi keskin ko‘payishi kutilayotgan kelajakka tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.

Joriy yil fevralida London Universitet kolleji tadqiqotchilari simsiz tarmoq orqali ma’lumotlarni sekundiga 938 gigabit (Gbit/s) tezlikda uzatishga erishgandi.

Bu hozirgi kundagi zamonaviy 5G aloqa tezligidan 9000 barobar yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunday yuqori tezlik bir soniyada 20tadan ortiq o‘rtacha uzunlikdagi filmlarni yuklab olish imkoniyatini beradi.

Olimlar 5G standartini ortiqcha yuklangan tor yo‘lga qiyoslaydilar va yangi yondashuv bunday yo‘lni 10 tasmali keng avtomagistral bilan almashtirishini ta’kidlaydilar.

Ma’lumot uzatish tezligini oshirish uchun Chjisin Lyu va uning London universitet kollejidagi jamoasi kengroq chastotalar spektridan foydalangan.

Ular radioto‘lqinlardan ham, yorug‘likdan ham foydalangan holda 5 gigagertsdan 150 gigagertsgacha diapazonda ishlagan. 6G kelajakda erishishi mumkin bo‘lgan tezlikni baholash uchun tajriba o‘tkazildi.

Avvalroq Yaponiyada simsiz qurilma prototipi yordamida o‘tkazilgan 6G demo sinovi ma’lumotlar uzatish tezligini 100 Gbit/sni ko‘rsatgandi.

Bu bir soniyada 8 ta filmni yuklab olish uchun yetarli, deydi mutaxassislar. Qayd etilishicha, bu eng yuqori 5G tezligidan 10 barobar va o‘rtacha 5G telefonidan 500 barobar tezroq.

Ularning fikricha, texnologiya hali prototip bosqichida. Uning amalga oshirilishi ushbu o‘n yillikning oxirigacha kutilmaydi.

Qayd etilishicha, tijoriy 6G tarmoqlarini joriy etish 2030-yildan erta bo‘lmasligi kutilmoqda.