O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi, deya xabar berdi prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov.
Uning qayd etishicha, o‘tgan oy oxirida O‘zbekiston tomoni Buyuk Britaniya jamoasi bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun Londonda bo‘lgan.
“Endi men ularning yakunlanganini e’lon qilmoqchiman va shundan beri biz 2025-yil 12-iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tadigan Ishchi guruhning 10-yig‘ilishi doirasida Bayonnomani imzolash uchun ichki tartib-qoidalardan o‘tdik”, — dedi Urunov.
Shuningdek, u Buyuk Britaniya bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan 24-davlat bo‘lganini qayd etdi.
A’zolikni “qat'iy qo‘llab-quvvatlagani” uchun Buyuk Britaniyaga, “tinimsiz mehnati uchun” O‘zbekiston muzokaralar guruhiga o‘z minnatdorchiligini bildirgan. “Ikki tomonlama kelishuvlarni yakunlash uchun JSTning yana bir necha a’zosi qoldi”, — deb yozadi Azizbek Urunov.
Fevral oyida Buyuk Britaniya JSTga a’zo bo‘lish masalasida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagandi. Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatning JSTga qo‘shilishi uchun texnik ko‘makni kengaytirishga kelishib oldilar.
May oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya mehnat patentlarini rasmiylashtirishni qisman ko‘chirishni muhokama qilgani haqida yozgandi.