Reklama qonunchiligini buzgani uchun Agrobank jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Natijada Agrobank tomonidan “Agrobank Mobile ilovasini yuklab olib, katta rejalaringiz uchun uydan chiqmasdan 100 mln so‘mgacha mikroqarz oling” mazmunidagi reklamalar joylashtirilgani aniqlandi.

Ularda “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 43-moddasi talablari bilan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning asosiy va muhim shartlari ko‘rsatilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi foydalanuvchilarni chalg‘itishga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan Agrobank’ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, uni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, bankka qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Avvalroq Spot Humans Raqobat qo‘mitasidan O‘zbektelekomga qarshi ish ochishni so‘ragani haqida yozgandi. Kompaniya O‘zbektelekom xizmatlar uchun monopol yuqori narx belgilagani va qarzdorlik tufayli Humans’ga internet tezligini pasaytirib, kamsituvchi sharoitlar yaratganini qayd etdi. Antimonopol organ vaziyatni o‘rganmoqda.