Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024-yilning may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholadi.
Tadqiqotda barcha hududlardan 3516 ta uy xo‘jaliklari ishtirok etdi, 3,5 mln tabiiy gaz va 8 mln elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilindi.
Natijada, 2024-yilning may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt/soatga (-10,6%) qisqargani ma’lum bo‘ldi. Ekspertlar buni ijtimoiy normaning amal qila boshlagani bilan izohladi.
Sezilarli pasayish oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr iste’mol qiluvchilar sonida kuzatilgan: o‘tgan yilda bunday uy xo‘jaliklarining soni 5 baravardan ortiqqa — 80 mingdan 15 minggacha tushgan. Bu aholining energiya resurslarini tejab ishlatishga o‘tishi bilan bog‘liq.
Hududlar kesimida eng sezilarli pasayish dastlabki iste’molchi nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi.
Aksariyat aholi odatdagi me’yorlar doirasida energiya iste’molidan foydalanishni davom ettirdi. Masalan, oyiga 200 kVt/soatgacha elektr iste’mol qilgan abonentlar ulushi 2024-yilda 72% ni tashkil etgan (2023-yilda — 71%).
O‘tgan yili 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan abonentlar soni 58% ga yetdi (undan oldingi yilda 54% edi). Tariflar oshishi esa asosiy iste’mol hajmini keskin o‘zgartirmagan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. Uy xo‘jaliklarining 47%i, xususan, Surxondaryo (78%), Sirdaryo (70%) va Namangan (67%) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanganini ta’kidlaganlar.
Gaz ta’minoti yaxshilanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar (respondentlarning 39%i) Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68%) hamda Jizzax viloyatiga (60%) to‘g‘ri keldi. 45% aholi Sirdaryo (73%), Surxondaryo (62%) va Namangan (59%) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilanganini bildirgan.
O‘tgan yilning 1-mayidan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. Joriy yilning 1-aprelidan ularni yana oshirish belgilangandi. Biroq, prezident topshirig‘i bilan bu bir oyga — maygacha kechiktirildi.
Bundan tashqari, 1-maydan 2027-yil 1-aprelgacha ayrim fuqarolarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bazaviy me’yordan oshgan qismi qoplab berila boshlandi. Endilikda kompensatsiya bir yil davomida har oy berib boriladi.
Avvalroq uch oyda fuqarolar quyosh panellari orqali 8 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotgani haqida xabar berilgandi. Subsidiyaning eng katta qismi — 2,67 mlrd so‘mi Xorazm viloyatiga ajratilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston va Buxoro turibdi.