Qozog‘iston bilan chegaradagi Sirdaryo (Atameken) chegara bojxona fuqarolar va avtomobillar uchun ochilishi mumkin. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar G‘ishtko‘prik va Jibek Joli chegara boxjona postlarida qurilish, transport oqimi va jismoniy shaxslar harakatini samarali hamda qulay tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Hozirda to‘liq qaytadan qurilayotgan G‘ishtko‘prik postida pardozlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, Qozog‘istondagi Jibek joli postida esa qurilish jarayoni boshlangan.
O‘zbekistonning avtotransportdagi yuk tashuvlarining asosiy qismi Qozog‘iston bilan chegaradagi 4 ta — Yallama, S.Najimov, Sirdaryo va Dovut ota bojxona postlari orqali amalga oshiriladi.
Ularda sutkasiga 2200 ga yaqin yuk avtotransport vositalari bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15% ga ko‘pdir. Qo‘mita buni O‘zbekistonning o‘zaro tashqi savdo hajmi oshayotgani va hozirda pishiqchilik mavsumi boshlangani bilan izohladi.
Postlar o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ikkala davlat o‘rtasidagi Oq oltin-Selinniy hamda Malik-Sirdaryo bojxona postlari orqali bo‘sh yuk avtotransport vositalari va yirik gabaritli bo‘lmagan yuklar harakatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha oldingi haftada amalga oshirilgan kelishuvni tezroq hayotga tadbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Natijada, O‘zbekistonning Yallama, Najimov va Sirdaryo va unga tutash Qozog‘istonning chegara bojxona postlaridagi o‘tkazuvchanlik oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, Sirdaryo va Atameken chegara bojxona postlari orqali jismoniy shaxslar va yengil avtotransport vositalari harakatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, “yuqori darajada ko‘rib chiqish” uchun taqdim qilinadi.
Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota o‘tkazish punkti yana to‘rt oyga yopilgani haqida xabar berilgandi. Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan rekonstruksiya ishlari sababli Qozog‘iston tomoni fevral oyida qo‘yilgan cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatladi.