Joriy yilning yanvar-may oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan biroz mustahkamlangan. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

May oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 164,9 so‘mga yoki 1,28% ga qimmatlab, 12 768,26 so‘mni tashkil qildi. Oy davomida dollar 12 900 so‘mdan yuqori pozitsiyani saqlab qoldi va 17-apreldan beri birinchi marta 12 980 so‘mlik chegarani kesib o‘tdi. Biroq, 27−30 may kunlari milliy valyuta keskin 170 so‘mdan ko‘proqqa mustahkamlanib, may oyini 2024-yil 4-oktabrdan beri eng yuqori ko‘rsatkich bilan yakunladi.

O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, aksariyat banklarda dollar kursi 12 800 so‘mdan past darajada saqlanib qoldi. Eng qimmat AQSh valyutasini Biznesni rivojlantirish banki taklif qildi. Ipak Yo‘li banki va Davr bank 12 870 so‘mdan 12 900 so‘mgacha sotib olmoqda, dollarni sotish bo‘yicha eng qulay kurs — 12 830 so‘mni esa Asia Alliance Bank, Madad Invest Bank, Poytaxt bank va Xalq banki taklif qildi.

2024-yilda o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71%ga (yoki mutlaq hisobda 581,78 so‘mga) qadrsizlangan. Yil boshidan buyon milliy valyuta kursi 1,18% ga yoki 152,22 so‘mga mustahkamlandi.

dollar, dollar kursi, markaziy bank, valyutalar kursi

May oyi boshida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida 2025-yilda milliy valyuta kursining barqarorligi sabablarini tushuntirgandi.

“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Markaziy bank transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sishini qayd etdi. 2024-yilda xalqaro jo‘natmalar hajmi 30% ga oshib, $14,8 mlrdni, O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar esa 53,3% ga o‘sib, $11,9 mlrdni tashkil etdi.

Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $24,6 mlrdga yetdi. Bunda eksport hajmi 35,1% ga ($11,88 mlrd) o‘sdi. Bunga oltin yetkazib berish hajmining 60% ga oshib, 5,48 mlrdga yetgani ham hissa qo‘shdi. Import esa atigi 2,9% ga o‘sib, $12,72 mlrdni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo balansi taqchilligi to‘rt barobarga — o‘tgan yilgi $3,58 mlrddan $846,3 mlngacha qisqardi.

Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy maksimumni yangilashda davom etdi — $49,25 mlrd, bu bir oy oldingi rekorddan $1,4 mlrdga yoki 2,93% ga ko‘pdir.

O‘tgan yilning dekabr oyida Spot tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning zaiflashish sur’atlari pasayishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi xatarlar hamda 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashgandi.

Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.