O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa hamda stipendiyalar 10% ga oshiriladi. Bu haqda 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Vazir prezident tomonidan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni 10% ga oshirish bo‘yicha farmon imzolanganini qayd etdi.

“Prezident ularni inflyatsiyaga nisbatan yuqori darajada oshirish bo‘yicha farmonga imzo chekdilar, yaqin orada rasman e’lon qilinadi”, — dedi vazir.

O‘zbekistonda oxirgi marotaba 2024-yil 1-sentabrdan pensiya va nafaqalar miqdori 15% ga oshirilgandi. 1-oktabrdan budjet tashkilotlari xodimlari, xususan, pedagoglar va tibbiyot xodimlarining ish haqi 15%, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining oyligi esa 10% ga ko‘tarilgan.

Mamlakatda pensiya va nafaqalar miqdorlari inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlari asosida oshirib boriladi. Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5,79 mln so‘mni tashkil etdi. Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 9,8 mln so‘m bilan Toshkentga, eng past ko‘rsatkich esa 4,08 mln so‘m bilan Qashqadaryoga to‘g‘ri keldi.

Avvalroq, 1-sentabrdan maktab va bolalar bog‘chalari direktorining ish haqi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Kelasi yildan maktab direktori va o‘rinbosarlariga KPI asosida 20% gacha oylik ustamalar berib boriladi.