Pensiyalar miqdorlarini inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlaridan kelib chiqib, oshirib borish tartibi belgilandi.

18-mart kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “Ijara to‘g‘risida"gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish bilan, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

Shuningdek, fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.

Shu bilan birga, “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bunda fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan “Xalq banki"ga elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘ladi.

2023-yilning noyabrida Qonunchilik palatasi pensiya tayinlashda davlat xizmatini ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Joriy yilning fevralida Senatda yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilinib, ma’qullandi.

1-fevraldan mamlakatda ayrim nafaqalar miqdori oshirilgandi. Pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi.

Fuqarolarga yoshga doir pensiya tayinlash uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratilgan. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.