3-iyun kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning davlat qarzi oshishi bilan bog‘liq xavotirlarga izoh berdi.
Vazirning qayd etishicha, O‘zbekistonning o‘sib kelayotgan iqtisodiyoti ko‘p mablag‘ga muhtoj. Xususan, infratuzilma hamda ijtimoiy sohalar investitsiya mablag‘larini jalb qilishni talab etadi.
Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobiga moliyalashtirishni talab etadi: bu yo‘l, ichimlik suvi, energetika, aeroport hamda temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish bilan bog‘liq infratuzilma xarajatlaridir. Shuningdek, mamlakat mudofaa qobiliyati va chegaralar xavfsizligini ta’minlash xarajatlari ham bor.
Shu bilan birga, davlat qarzi ko‘payishining yana bir omili banklar tomonidan uzoq muddatli ipoteka kreditlarini moliyalashtirish uchun tashqi qarzlarni jalb qilish bilan bog‘liq.
“Xalqaro me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi miqdori mo‘tadil daraja hisoblanadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Qo‘chqorov xalqaro moliya tashkilotlari davlat qarzining YIMga nisbatini 60% dan oshirmaslikni tavsiya qilayotganini qayd etdi, bu “Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonunda ham belgilangan.
Birinchi chorakda davlat qarzining YIMga nisbati 35% dan 33,5% gacha kamaydi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil yakuni bilan kutilayotgan YIMni hisobga olgani bilan bog‘liq.
“Yalpi ichki mahsulot o‘sishi, [aholi] daromadlari ko‘payishi, shahar, qishloq va mahallalar obodligi bilan bog‘liq xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobiga qoplanmoqda. Buning hech qanday uyatli joyi yo‘q”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekistonning davlat qarzi 2023-yilga nisbatan $5,27 mlrdga o‘sib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga to‘g‘ri kelib ($33,72 mlrd), o‘tgan yil davomida unga $4 mlrddan ortiq mablag‘ qo‘shilgan. Joriy yilning dastlabki uch oyida davlat qarzi 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobar — $7,08 mlrdga, yil boshidan esa $2,22 mlrdga (+5,5%) o‘sdi.
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston $1,5 mlrdlik suveren obligatsiyalarni joylashtirdi. Dollardagi obligatsiyalar 7 yil, yevro va so‘mdagi qog‘ozlar esa mos ravishda 4 va 3 yil davomida muomalada bo‘ladi. Mablag‘lar budjet taqchilligini moliyalashtirishga, ipoteka dasturi uchun banklarga, shuningdek, infratuzilma va “yashil” loyihalarga yo‘naltiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 10% ga oshirilishi haqida xabar berilgandi.