Pokistonning Lahor shahrida O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ochildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

SSP boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi, Lahor shahri ma’muriyati hamda tadbirkorlar ishtirokida savdo uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Savdo uyi ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo va hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan.

Unda O‘zbekistondan keltirilgan quruq mevalar, teri, ip-kalava, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, kimyo va boshqa mahsulotlar namoyish etiladi.

Bundan tashqari, palata tadbirkorlarni joriy yilning 25-iyun kuni Karachida o‘tkaziladigan O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumida ishtirok etishga chaqirdi. Batafsil ma’lumotlarni +998 99 485 57 09 raqamlaridan olish mumkin.

Yil boshida Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning tor doiradagi muzokaralarida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga oshirish rejasi ma’lum qilingandi. Imtiyozli savdo jarayonida tovarlar ro‘yxati kengaytirilib, elektron savdo platformalari o‘zaro integratsiya qilinadi.

Mart oyida Kobulda O‘zbekiston qurilish materiallari uchun savdo uyi ochilgandi. Bundan oldin Mozori-Sharifda elektrotexnika, qurilish va farmatsevtika mahsulotlari shourumi ishga tushirilgan edi.

Avvalroq Pokiston bitkoin zaxirasini yaratishi haqida xabar berilgandi. Zaxira faqat saqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kriptovalyuta mayningi va SI ma’lumot markazlari uchun 2000 megavatt elektr energiyasi ajratiladi.