Adobe kompaniyasi Android qurilmalari uchun yangi Photoshop mobil ilovasini taqdim etdi.
Dastur beta-sinov davrida bepul tarqatilmoqda va foydalanuvchilarga tasvirlarni tahrirlash uchun vositalar to‘plamidan foydalanish imkoniyatini beradi.
Qayd etilishicha, mobil Photoshop qatlamlar, niqoblar va ajratish vositalari bilan ishlash imkoniyatiga ega.
Tap Select funksiyasi fotosuratdagi obyektlarni tezda o‘chirib tashlash yoki almashtirish imkonini beradi, Firefly algoritmlari esa generativ to‘ldirish va boshqa sun’iy intellekt imkoniyatlarini ta’minlaydi.
Foydalanuvchilar, shuningdek, ijodiy qayta ishlash uchun mo‘ljallangan bepul tasvirlarni o‘z ichiga olgan Adobe Stock kutubxonasidan foydalanishlari mumkin.
Ilova ham boshlang‘ich, ham tajribali foydalanuvchilarga mo‘ljallangan. Mobil paket tarkibida yangi vositalarni tezda o‘zlashtirish imkonini beruvchi o‘quv materiallari mavjud.
Sinov muddati tugagandan so‘ng mahsulotning narxi hali e’lon qilinmagan. Biroq, ilgari iOS uchun chiqarilgan dastur asosiy imkoniyatlarni bepul taqdim etgan, premium xizmatlar esa oyiga $7,99 yoki yiliga $69,99 bo‘lgan obuna orqali taklif qilingan.
Avvalroq Spot Adobe Photoshop’da fotosuratlardagi aksni o‘chirish imkoniyati paydo bo‘lgani haqida yozgandi.
Sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yangi vosita oynada aks etgan tasvir bilan uning ortidagi narsalarni bir-biridan ajratib beradi.