Toshkentdan Samarqandga Afrosiyob elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan Samarqand-Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd qatnovi 5-iyundan boshlanadi.

Qayd etilishicha, ushbu harakat 5, 6, 7 va 8-iyun kunlari amalga oshiriladi.

Poyezd jadvali quyidagicha:

  • Samarqand-Toshkent — jo‘nash 10:55 da, yetib kelish 13:15 da;
  • Toshkent-Samarqand — jo‘nash 13:56 da, yetib kelish 16:14 da.

Chiptalarni O‘zbekiston temir yo‘llari rasmiy veb-sayti orqali, Uzrailways Ticket mobil ilovasida hamda temir yo‘l kassalari orqali xarid qilish mumkin.

Avvalroq 1-fevraldan O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxi 20−25%ga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlariniki 30%ga qimmatlashadi.

Bundan oldin Afrosiyob elektropoyezdlari qatnovi vaqti o‘zgartirilib, elektropoyezdlarining qatnovlari vaqti joriy yil 1-apreldan, 2024-yil 15-dekabrdan va 8-oktabrdan ko‘chirilgan edi.

Iyul oyida O‘zbekiston temir yo‘llari yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektrpoyezdlarining ertalabki jadvaliga o‘zgartirish kiritmoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Xususan, mazkur elektrpoyezdlarning ertalabki qatnovlarini bir soat oldinga ko‘chirish rejalashtirilib, uning doirasida yo‘lovchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Bu xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning tarixiy shaharlarda uzoqroq bo‘lishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi qayd etilgan.