O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasi joylashgan bojxona postida tirbandlik bartaraf etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
4-iyun kuni Navoiy chegara bojxona postida O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari mas’ullarining sayyor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Nasirov va Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kayrat Jumakulov ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yengil avtomobillar tirbandligini tezkor bartaraf etish masalasini ko‘rib chiqdi. Tomonlar tirbandlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha kuch va vositalarni tayyorlashga kelishib oldi.
Navoiy bojxona postining chiqish yo‘nalishida yengil avtomobillar harakati kamligi sababli O‘zbekistonga kirishdagi avtomobillar harakati bu yo‘nalish orqali yo‘lga qo‘yildi.
“Ko‘rilgan choralar natijasida 4-iyun soat 20:25 holatiga ko‘ra, hozirda mazkur postda tirbandlik to‘liq bartaraf etildi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
So‘nggi 5 yilda ikki davlat o‘rtasida avtomobil va yo‘lovchilar harakati 2 barobarga oshgan. Navoiy bojxona posti orqali sutkasiga 40 ming nafarga yaqin fuqarolar va 2 mingga yaqin avtotransport vositalari harakatlanadi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegarasida yuzlab avtomobillar to‘planib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Haydovchilar O‘zbekistonga kelish uchun bir sutkadan ortiq navbatda turib qolishganlarini, hukumatdan chora ko‘rishni so‘ragan. Qozog‘iston tomonidagi noma’lum shaxslar haydovchilardan pul talab qilayotgani ham aytilgan.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati Gazeta’ga bergan izohida Navoiy (Qozog‘iston tomonidan Kaplanbek) va Yallama (Qonisbayev) postlarida avtomobillarni o‘tkazish uchun hech qanday sun’iy to‘siqlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Qo‘mita fuqarolar va yengil avtomobillar oqimining oshishi Qurbon hayiti yaqinlashayotgani sababli kuzatilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, qurilish ishlari sababli G‘ishtko‘prik (Jibek Joli) hamda Dovut ota (Tajen) bojxona postlari orqali harakatning to‘xtatilishi yuklamani oshirgan.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolardan mamlakatga kirishda Oq oltin (Selinniy) hamda Malik (Sirdaryo) bojxona postlari orqali harakatlanishlarini so‘radi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston postlar o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida Oq oltin-Selinniy hamda Malik-Sirdaryo postlari orqali bo‘sh yuk avtomobillari va yirik gabaritli bo‘lmagan yuklar harakatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi Sirdaryo bojxona posti fuqarolar va avtomobillar uchun ochilishi haqida xabar berilgandi.