Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha El-yurt umidi jamg‘armasi joriy yilgi birinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.
Tanlov uchun o‘rin ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) va iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) hamda davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berildi.
Joriy yilgi birinchi stipendiya tanlovi uchun jami 450 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 130 tasi bakalavriat, 220 tasi magistratura hamda 100 tasi doktorantura uchun belgilangan.
Tanlovda bakalavriat uchun 30 yosh, magistratura uchun — 22−40 yosh hamda PhD uchun 25−45 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.
Nomzodlar hujjat topshirishda quyidagi ma’lumotlarni yuklashlari lozim:
- jamg‘arma ijrochi direktori nomiga ariza (namunasi platformada mavjud);
- xorijiy universitetning qabul xati (Letter of acceptance);
- mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud bo‘lsa);
- attestat yoki diplom nusxasi;
- xalqaro til sertifikati;
- motivatsion insho va boshqalar.
Bunda nomzodlar xorijiy ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlarni kiritishi kerak. Ya’ni oliygoh joylashgan mamlakat, uning reytingi, bilim va ta’lim sohalari, o‘qish uchun to‘lov hamda universitet ajratgan grant miqdorini ko‘rsatishlari kerak.
Hujjatlar jamg‘arma tomonidan ishga tushirilgan el-yurt.uz onlayn platformasi orqali joriy yilning 16-iyunigacha qabul qilinadi.
Batafsil ma’lumotlarni jamg‘armaning eyuf.uz sayti, (71) 203−00−47, (71) 203−00−49 telefon raqamlari hamda @Eyufmatbuot Telegram-manzilidan olish mumkin.
Joriy yilning may oyida El-yurt umidi jamg‘armasi prezident huzurida qayta tashkil etilgandi. Xorijiy top universitetlarga kirgan yoshlarga El-yurt umidi stipendiyasi tanlovlarsiz ajratiladi.
Avvalroq 15-maydan Work and Travel dasturi uchun ssuda ajratilishi haqida xabar berilgandi. Arizalarni davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali jo‘natish mumkin bo‘ladi. Talabalarga 15 mln so‘mgacha qarz beriladi.