3-iyun kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov budjetga qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari hajmi keskin oshganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, dushanba kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi may oyidagi budjet daromadlarini tahlil qilgan. Natijada, QQS bo‘yicha oylik tushumlar 5 trln so‘mdan oshgani ma’lum bo‘lgan.
Davlat budjeti daromadlarining joriy yilning birinchi choragidagi ijrosiga ko‘ra, QQS tushumlari uchdan bir qismga — 12,3 trln so‘mdan 16,4 trln so‘mga ko‘paygan.
“Birinchidan, bu Talimarjon IESni xususiy investorlarga sotish bo‘yicha shartnomaning ijrosi bilan bog‘liq, hujjat bo‘yicha investor tomonidan QQS to‘liq to‘langan. Ikkinchidan, hududlarimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shu sababli, bir qator hududlar, jumladan, Buxoro, Namangan, Samarqand va Qoraqalpog‘iston kabi hududlarda QQS bo‘yicha tushumlar ko‘paydi. Bu hali boshlanishi”, — dedi Qo‘chqorov .
Bosh vazir o‘rinbosari energiya tariflarini oshirishdan maqsad elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini foydaga chiqarish ekanligini ta’kidladi. Quyosh, shamol va gaz elektr stansiyalarini o‘z mablag‘lariga qurgan xorijiy investorlar elektr energiyasini zarar ko‘rib sotishni xohlamaydi, deya tushuntirdi u.
May oyi oxirida Abu-Dabi suveren investitsiya fondi (Mubadala) va Abu-Dabi milliy energetika kompaniyasi (TAQA) Talimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi ulushlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvni yopgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, investorlar O‘zenergosotish davlat kompaniyasi bilan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 25 yillik shartnoma tuzgan.
Uni xususiylashtirish uchun maxsus loyiha kompaniyasi Talimarjan Power Plant 1 tashkil etildi. BAAlik ikkala sarmoyador ham unda 40% dan ulushga ega, qolgan 20%i Talimarjon IES orqali O‘zbekiston tomoniga tegishli. Talimarjan Operations & Maintenance IES operator-kompaniyasidagi ulushlar ham xuddi shunday taqsimlanadi.
IESni xususiylashtirish bo‘yicha bitim 2022-yilning sentabr oyida imzolangan. BAA investorlari elektr stansiyasini rivojlantirishga $240 mln investitsiya kiritish, shuningdek, uning qariyb $700 mln qarzlarini to‘lash majburiyatini olgan.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiya, nafaqa va maoshlar 10% ga oshishi haqida xabar berilgandi.