Italiya O‘zbekistondagi malakali mutaxassislarga alohida kvota ajratadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik rahbari Behzod Musayev hamda Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Piergabriele Papadia de Bottini o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Italiya bosh vaziri Giorgia Melonining may oyi oxiridagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining ijrosi va uni amaliyotga joriy qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Elchi hujjat ustida juda ko‘p ishlangani, uni hayotga “tezroq tatbiq qilish tarafdori” ekanligini bildirdi.
Piergabriele Papadia de Bottinining qayd etishicha, O‘zbekiston migratsiya sohasidagi tajribasi bilan Markaziy Osiyodagi hamkorlar uchun namuna bo‘la oladi. Shuningdek, u Italiyada muhandislik, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda malakali mutaxassislarga talab yuqori ekanligini ta’kidladi.
Italiya tomoni 2026-yildan boshlab o‘zbekistonliklarga 1500 ta bo‘sh ish o‘rni uchun kvota ajratilganligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, muloqotda hozirda Italiyada noqonuniy maqomdagi O‘zbekiston fuqarosi yo‘qligi, bu esa hamkorlikni samarali amalga oshirishga “katta turtki bo‘lishi” qayd etildi.
May oyida O‘zbekiston va Polsha migratsiya sohasida bitim loyihasini ishlab chiqishi ma’lum bo‘ldi. Polsha mamlakatdagi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni o‘zbekistonliklarni tashkiliy tartibda yuqori maoshli ishlarga jalb qilish orqali to‘ldirishi mumkin.
O‘zbekiston va Sloveniya mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzib, zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlaydi. Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayevning qayd etishicha, Sloveniyada O‘zbekistondan kelgan ishchilar uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.
Avvalroq Yaponiya O‘zbekistondan 10 ming nafar mutaxassis jalb qilishi haqida xabar berilgandi.