Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sloveniyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Natasha Pirs Musar bilan tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralari olib borgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti Sloveniya bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda savdo, investitsiya va kooperatsiya sohalarida birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 mln yevroga yetkazish choralari ko‘rib chiqildi. GSP+ preferensiyalar tizimi va 22-may kuni imzolangan standartlashtirish to‘g‘risidagi bitim ham savdoning o‘sishiga turtki berishi qayd etildi.
Texnologik modernizatsiyaga urg‘u bergan holda Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish rejasi tayyorlanadi. Sloveniya kompaniyalarining O‘zbekistonda elektrotexnika, uskunasozlik, farmatsevtika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish harakatlari qo‘llab-quvvatlandi.
Bunday ishlab chiqarishlarni O‘zbekistonda Inpark boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkida joylashtirish taklif etildi. Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzish va zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olindi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun Koper porti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olindi.
Ekologik turizmni, shu jumladan tog‘li va qishloq hududlarida rivojlantirish bo‘yicha Sloveniya tajribasiga qiziqish bildirildi. Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Robert Golob qo‘shma bayonot imzoladilar. Ular huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bular:
- diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risida;
- ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida;
- transport va logistika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- “aqlli” shaharlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar.
Avvalroq Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Sloveniyada O‘zbekistondan kelgan ishchilar uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.