2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar bermoqda.
Abituriyentlar my.uzbmb.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bunda saytga kirgach, “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limini tanlash kerak.
Arizalar 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Spot ro‘yxatdan qanday o‘tish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi:
Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.
Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.
Oliy ta’lim, fan va innnovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida vazirlik va barcha OTMlarda Qabul-2025 shtabi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, abituriyentlar vazirlikning 1006, agentlikning 1195 ishonch telefoni hamda @EduuzUniversalBot Telegram-boti orqali murojaat qilishlari mumkin.
Mart oyida 2025−2026 o‘quv yili qabuli uchun test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar soni va baholash mezoni tasdiqlandi. Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.
Avvalroq Ehtiyojmand xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Arizalarni joriy yilning 8-iyunigacha onlayn topshirish mumkin.