Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishga tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tavsiyanomalar xotin-qizlarga qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida ajratiladigan o‘rinlar uchun qo‘mita tomonidan taqdim etiladi.
Bunda nomzodlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. (har bir a’zosiga belgilangan MHTEKMning 0,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila);
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan — otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qiladi.
Qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etishi mumkin.
Arizalarni joriy yilning 8-iyunigacha tavsiyanoma.ijro.uz platformasi orqali jo‘natish mumkin. Undan keyin ishchi guruh tomonidan arizalar 10-iyungacha ko‘rib chiqilib, 15-iyunga qadar tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha 4%li davlat grantiga qabul doirasida xotin-qizlarga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30%idan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanoma egalari ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha 4%li grant asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Tavsiyanoma ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga bir yil muddatga beriladi. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq besh yillik ish stajiga ega xotin-qizlardan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.