Rossiya hukumati mamlakat hududida Telegram va WhatsApp messenjerlari faoliyatini taqiqlamoqchi emas. Bu haqda Davlat dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Sergey Boyarskiy ma’lum qildi.
Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, hukumat “taqiqlash yo‘lidan” bormayapti.
“Hammadan Telegram va WhatsApp’ni qachon o‘chirasizlar? degan savolni eshityapman. Biz bunday qilishni rejalashtirmayapmiz”, deya deputatning so‘zlarini RIA Novosti keltirmoqda.
Shu bilan birga, deputat Telegram va WhatsApp Rossiya qonunchiligi talablariga javob bermasligini ta’kidladi.
Avvalroq deputat Davlat dumasiga ko‘p funksiyali raqamli xizmatni yaratish imkonini beradigan tuzatishlar loyihasini kiritganini ma’lum qilgandi.
Yangi ilova messenjer va davlat xizmatlari funksiyalarini birlashtiradi. Xususan, undan bir qator vaziyatlarda shaxsni identifikatsiya qilish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.
Rossiyada 2026-yil 1-sentabrdan boshlab xorijiy messenjerlar taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bir qator faoliyat sohalarida xorijiy yuridik shaxslar yoki fuqarolarga tegishli bo‘lgan tezkor xabar almashish xizmatlaridan (messenjerlardan) ish maqsadlarida foydalanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlagan.
Qayd etilishicha, hujjat hozirda manfaatdor davlat idoralari bilan muhokama qilinmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi marketpleyslar, yetkazib berish xizmatlari, banklar va davlat xizmatchilariga xorijiy messenjerlarda mijozlar bilan muloqot qilishni taqiqlaydi.
Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar xodimlari xabar yuborish uchun rasmiy autentifikatsiyadan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Xorijiy messenjerlardan ovozli ma’lumotlar, matnli xabarlar, tasvirlar, ovozlar, video yoki boshqa elektron xabarlarni uzatish, qabul qilish, yetkazib berish va olish uchun foydalanish taqiqlanadi.
Bunday me’yorning kiritilishi sanab o‘tilgan tarmoqlardagi tashkilotlar faqat Rossiya yuridik shaxslari yoki mamlakat fuqarolari tomonidan tashkil etilgan messenjerlardan foydalanishi mumkinligini anglatadi.
Xorijiy mijozlar bilan muloqot qilish uchun “Telegram”, “WhatAspp”, “Viber”, “Microsoft Teams”, “Skype for Business” kabilardan foydalanish taqiqlanadi.