Rossiyada 2026-yil 1-sentabrdan boshlab xorijiy messenjerlar taqiqlanishi mumkin. Bu haqda “Interfax” nashri xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bir qator faoliyat sohalarida xorijiy yuridik shaxslar yoki fuqarolarga tegishli bo‘lgan tezkor xabar almashish xizmatlaridan (messenjerlardan) ish maqsadlarida foydalanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlagan.

Qayd etilishicha, hujjat hozirda manfaatdor davlat idoralari bilan muhokama qilinmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi marketpleyslar, yetkazib berish xizmatlari, banklar va davlat xizmatchilariga xorijiy messenjerlarda mijozlar bilan muloqot qilishni taqiqlaydi.

Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar xodimlari xabar yuborish uchun rasmiy autentifikatsiyadan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Xorijiy messenjerlardan ovozli ma’lumotlar, matnli xabarlar, tasvirlar, ovozlar, video yoki boshqa elektron xabarlarni uzatish, qabul qilish, yetkazib berish va olish uchun foydalanish taqiqlanadi.

Bunday me’yorning kiritilishi sanab o‘tilgan tarmoqlardagi tashkilotlar faqat Rossiya yuridik shaxslari yoki mamlakat fuqarolari tomonidan tashkil etilgan messenjerlardan foydalanishi mumkinligini anglatadi.

Xorijiy mijozlar bilan muloqot qilish uchun “Telegram”, “WhatAspp”, “Viber”, “Microsoft Teams”, “Skype for Business” kabilardan foydalanish taqiqlanadi.


Avvalroq “Spot” “YouTube” rossiyalik foydalanuvchilardan VPN haqidagi videoni o‘chirishni so‘ragani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, foydalanuvchi bunday videoni mustaqil ravishda o‘chirmasa, kompaniya kontentni bloklashga majbur bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.