Joriy yilning 1-mayidan O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Ilgari kompensatsiya faqat qish mavsumida — noyabr-fevral oylarida berilgan bo‘lsa, endilikda har oy to‘lab beriladi.

1-iyundan ehtiyojmand oilalardan kompensatsiya uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompensatsiyalar Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestiriga kiritilgan oilalarga beriladi. Bunda oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 669 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ikki reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir a’zoga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalanishi mumkin.

Arizalar Inson ijtimoiy xizmatlar markazi, mahallalardagi ijtimoiy xodim hamda 1140 telefon raqami orqali qabul qilinadi.

Kompensatsiya quyidagi tartibda ajratiladi:

  • elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan (200 kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha;
  • gaz uchun — isitish mavsumida bazaviy me’yordan (500 kub metr) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda (100 kub metr) esa 150 kub metrgacha qismiga.

2024−2025-yilgi isitish mavsumi uchun kam ta’minlangan oilalarga 313,6 mlrd so‘m yordam berilgan. Joriiy yilda jami 1,33 trln so‘m miqdorida kompensatsiya ajratilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2024-yilning noyabrida 1,1 mlnta oilaga bir martalik 270 ming so‘mdan yordam puli ajratgan. Jami miqdori — 290 mlrd so‘m.

Shuningdek, isitish mavsumida tabiiy gaz va elektr quvvatining bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq uchun (2024−2025-yil dekabr-aprel) 207 962 nafar oilaga 23,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi.

Avvalroq Elektr energiyasi tariflarining oshirilishi iste’mol hajmini 10% ga kamaytirgani haqida xabar berilgandi. O‘tgan yili 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchilar soni 58% ni tashkil etdi.