Aholining aksariyati kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga uchraydi. Bu haqda Markaziy bankning o‘tgan yil bo‘yicha moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.

Joriy yil boshida regulyator tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilib, unda aholining bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari bo‘yicha qarz yuki aniqlandi.

Unda ishtirok etgan jami 3 546 nafar respondentning yarmida oila a’zolari soni 4 yoki 5 kishidan iborat. Ular asosan moliya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, savdo va boshqa sohalarda ishlaydi.

Asosiy mehnat faoliyati bo‘yicha oilaviy o‘rtacha oylik daromadi 12 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarning ulushi 78% ni tashkil etadi. Ularning to‘rtdan bir qismi — 24%i qo‘shimcha daromadga ega. O‘z navbatida, ularning 56%i 4 mln so‘mgacha qo‘shimcha daromad topadi.

73% ishtirokchi o‘zi yoki oila a’zolaridan birida bank yoki bankdan tashqari kredit yoki qarz majburiyati borligini qayd etdi. Respondentlarning 64%i banklardan qarzdor. Yana 19%ida esa bankdan tashqari boshqa qarzlari ham bor.

Qarz majburiyatlari asosan ko‘chmas mulk sotib olish yoki ta’mirlash, avtomobil hamda iste’mol tovarlarini xarid qilish maqsadlarida jalb etilgan. Bunday ishtirokchilar 43%ni tashkil etdi.

To‘y, davolanish hamda xususiy tadbirkorlik maqsadida jalb qilingan mablag‘lar 5% ga ham yetmaydi.

banklar, kreditlash, markaziy bank, qarzdorlik

Respondentlarning 70%ida qarzdorlik bo‘yicha oylik to‘lov 6 mln so‘mgachani tashkil etadi. Ularning chorak qismida oylik to‘lov — 2−4 mln so‘m. 55%ida 2−3 yil, 5 yil va undan ortiq muddatlar bo‘yicha to‘lovlar qolmoqda.

64% aholi qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ularning deyarli yarmi keyingi 6 oyda to‘lov qobiliyatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutmoqda. 41% respondent o‘zgarish bo‘lmasligini, 11%i esa yomonlashadi, degan fikrda.

O‘zi yoki oila a’zolari tomonidan keyingi yarim yilda qarzga ehtiyoj borligini qayd etgan aholi 20% ni tashkil etdi. Mablag‘larni asosan uy-joy sotib olish yoki ta’mirlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, so‘rovnoma natijasida banklar oldida kredit majburiyatiga ega respondentlarning o‘rtacha qarz yuki (bankdan tashqari barcha qarzlarini hisobga olganda) darajasi 73% ni tashkil etgan.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida fuqarolar tomonidan rasmiylashtirilgan kreditlarning yarmidan ko‘pi mikroqarzlarga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinda mikrokreditlar — 15,6%. Mikroqarzlar berish hajmi 2,3 barobarga oshib, 18,7 trln so‘mni, mikrokreditlar hajmi 1,9 barobarga oshib, 5,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq Markaziy bank mikroqarz olishda minimal daromad miqdorini belgilashni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, regulyator mikroqarzlarning o‘sishi bo‘yicha xatarlarni yengillashtirish maqsadida kredit summasini qarz oluvchining yillik daromadiga nisbati cheklovini joriy etish kerakligini bildirdi.