O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga yangi yo‘nalish bo‘yicha avtomobilda yuk tashuvini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy-Mo‘g‘uliston koridori bo‘ylab sinov tarzida yuk tashuvini tashkil etdi. Bu mahalliy biznes mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqish va yangi yo‘laklarni rivojlantirishga qaratilgan.
Tomonlar ushbu transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar orqali savdo aylanmasi o‘sishini va transport-logistika aloqalarining kengayishini kutmoqda.
Shuningdek, bu yo‘nalish davlatlar o‘rtasida eksport va import yuk tashuvlari hajmini oshirib, savdo aloqalari geografiyasini kengaytiradi hamda tovarlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartiradi.
Vazirlik dunyo logistika bozoridagi vaziyatni inobatga olganda, mazkur koridorning rivojlanishi o‘zbek milliy tashuvchilari uchun o‘z biznesini kengaytirish, samaradorlikni oshirish hamda mintaqaviy va global darajadagi o‘rinlarni mustahkamlashda ahamiyatli ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish rejalari 2023-yilning bahorida ma’lum qilingan. Tomonlar milliy tashuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqandi.
2024-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralarda Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston xususiy sektori Eronning Shahid Rajai portiga investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi. Port hududida maxsus terminal va logistika markazini qurish ko‘zda tutilmoqda.