Raqobat qo‘mitasi fuqarolar murojaatlari asosida Badavlat ayol loyihasi faoliyatini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha xotin-qizlarga oilaviy munosabatlar, psixologiya, tadbirkorlik va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha bilim berishga qaratilgan ta’lim platformasi sifatida tashkil etilgan. Fuqarolarning 50 yaqin shikoyatlarida ularning loyihada jiddiy muammolarga uchragani bildirilgan.

Bular qatorida darslar o‘z vaqtida va professional o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilmasligi, ta’lim sifati pastligi va va’da qilingan natijalarga erishilmasligi, tashkilotchilarning qo‘pol munosabati, e’tirozlarni e’tiborsiz qoldirish yoki e’tiroz bildirganlarni platformada bloklash holatlari bor.

Fuqarolar uch oylab darslar o‘tkazilmayotganiga qaramay, har oylik to‘lov ularning plastik kartalaridan avtomatik tarzda yechib olinayotganini, shartnomani bekor qilish jarayoni og‘irlashtirilgani, chekka hududlardagi fuqarolarga Toshkentga kelish talabi qo‘yilganini bildirishgan.

Shuningdek, loyihaga a’zo bo‘lish Instagramdagi loyiha sahifasi orqali, “bitta tugmani bosish” (obuna bo‘lish) kifoya bo‘lsa-da, shartnomani bekor qilishning imkoni mavjud emas.

Raqobat qo‘mitasi mazkur shikoyatlar loyiha tashkilotchisi bo‘lgan Helpdesk kompaniyasi hamda Shaffof Moliya (Uzum nasiya) moliya tashkiloti bilan o‘rganilib, ularni hal etish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish uchun Uzum nasiya’ga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilishni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy taklif yuborildi.

Bundan tashqari, qo‘mita noqulay holatlarga uchramaslik uchun fuqarolardan Badavlat ayol kabi onlayn ta’lim platformalarda ishtirok etishdan oldin shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqishni so‘ramoqda.

Shu bilan birga, moddiy va vaqtincha imkoniyatlarni xolis baholab, qaror qabul qilish, shaxsiy ma’lumotlar, jumladan bank kartasiga oid ma’lumotlarni ishonchsiz shaxslar yoki platformalarga taqdim etmaslik tavsiya qilindi. Onlayn platformalarda identifikatsiyadan o‘tishdan oldin, xizmatning haqiqiyligi, ishonchliligi va manfaatdorligiga to‘liq ishonch hosil qilish kerak.

Avvalroq Agrobank mikroqarz bo‘yicha reklamasi uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Raqobat qo‘mitasi bankning 100 mln so‘mgacha mikroqarz olish bo‘yicha reklamasida shartnomaning asosiy va muhim shartlari ko‘rsatilmaganligini aniqladi.