Transport vositalari qiymatini baholashga oid yangi standart tasdiqlandi. Bu bo‘yicha 5-iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining tegishli buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan (3487−2) o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Yagona milliy baholash standartiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, “Transport vositalari qiymatini baholash” milliy baholash standarti (15-son) va unga oid metodika tasdiqlandi.

Mazkur standart asosida transport vositalarining qiymatini baholash va ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlashga doir talablar belgilandi.

Yangi talablar quyidagi transport vositalarini baholashni nazarda tutadi:

  • yengil avtomobillar;
  • yuk avtomobillari;
  • avtobuslar;
  • tirkamalar va yarim tirkamalar;
  • maxsus texnikalar;
  • qishloq xo‘jaligi va yo‘l-qurilish texnikalari;
  • mototexnika (moped, skuter va boshqalar);
  • velosipedlar.

Baholash uslublari uchta yondashuv — qiyosiy, daromad hamda xarajat yondashuvlaridan iborat. Qiyosiy yondashuv o‘xshash transport vositalari qiymati bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi.

Daromad yondashuvida tijorat maqsadlarida foydalanilayotgan vositalar bo‘yicha kelajakdagi daromadlar asosida baholanadi. Xarajat yondashuvi esa tiklash yoki almashtirish xarajatlari asosida, eskirish darajasini inobatga olgan holda avtomobilni baholashdan o‘tkazishni belgilaydi.

Shuningdek, ushbu standartda shikastlangan transport vositalari qiymatini aniqlash va zarar miqdorini hisoblash tartibi ham belgilab berilgan.

Avvalroq avtomobildan chiqindi tashlaganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish taklif etilgani haqida xabar berilgandi. Qonunchilikka avtomobillardan chiqindi tashlash holatlari uchun jazo chorasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish belgilanmoqda.