Avvalroq 9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Tomonlar Slovakiya kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, “yashil” energetika va turizm loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Robert Fitso Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, yetakchilar huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlar almashildi:

  • diplomatik kadrlar tayyorlash to‘g‘risida;
  • qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
  • standartlashtirish, metrologiya va tovarlarning muvofiqligini baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
  • energetika bozorlarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
  • 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
  • 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan standartlashtirish sohasidagi hamkorlik dasturi.

Gumanitar sohada ta’lim va akademik almashinuvni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi. Qo‘shma tadqiqot dasturlarini, shu jumladan Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokida yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mart oyida Migratsiya agentligi Slovakiya rekruting kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi. O‘zbekiston va Slovakiya alohida kvotalar ajratish va migratsiya oqimini raqamlashtirishga kelishib oldi.

Avvalroq O‘zbekiston va Italiya Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish va Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.