Yapon tadqiqotchilari sho‘r suvda bir soat ichida to‘liq parchalanadigan ekologik plastik yaratishdi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Yangi ishlanma RIKEN yangi materiallarni o‘rganish markazi va Tokio universiteti tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bu material atrof-muhit ifloslanishining global muammosiga yechim bo‘lishi mumkin, chunki zamonaviy bioparchalanuvchi plastmassalar sekin va to‘liq parchalanmaydi.
Yangi turdagi plastmassa mustahkamligi bo‘yicha neft asosidagi an’anaviy analoglardan qolishmaydi, ammo ulardan farqli o‘laroq, u sho‘r suv ta’sirida tezda parchalanadi va uning qoldiqlari mikroplastik hosil qilmasdan tabiiy bakteriyalar tomonidan qayta ishlanadi.
Yangi material dengiz suvida 60 daqiqada, tuproqda esa taxminan 200 soatda eriydi. Shu bilan birga, u zaharli emas, yong‘inga chidamli va karbonat angidrid chiqarmaydi.
Hozircha material ommaviy ishlab chiqarishga tayyor emas: olimlar qoplama qo‘llashning eng maqbul usuli ustida izlanish olib bormoqda.
Biroq, uni joriy etish atrof-muhit ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. BMT prognozlariga ko‘ra, 15 yildan so‘ng okeandagi plastik chiqindilar hajmi uch baravarga ko‘payib, yiliga 37 mln tonnaga yetadi.
Avvalroq Spot Yaponiyada internet tezligi bo‘yicha yangi jahon rekordi o‘rnatilgani haqida yozgandi.
Tarmoq tezligi ma’lumotlar uzatish tezligini 1 mln Gbit/s yetkazgan bo‘lib, u bir soniyada 4K formatdagi 10 mingta filmni yuklab olish uchun yetarli hisoblanadi.